English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yerqo‘rg‘on” bozorida qachon tartib o‘rnatiladi?
16:17 / 2023-09-21

Yurtning obodligi, xalq farovonligi bozorlarimizdagi to‘kin-sochinlikda yaqqol ko‘rinadi. Bugun bozorlarimizga borsangiz, noz-ne’matlar, mahsulotlarning ko‘pligi, xilma-xilligidan ko‘zingiz quvonadi.

Ta’kidlash lozimki, bugungi xaridorning ta’bi nozik, didi baland. Shunga monand sotuvchi ham mahsulotining sifatiga, bozor ma’muriyati bozorning tozaligiga e’tibor qaratishi lozim.

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri chekkasida joylashgan “Yerqo‘rg‘on” (oziq-ovqat) dehqon bozori haqida bunday deb bo‘lmaydi. U yerda na sotuvchi, na xaridor uchun yetarlicha qulaylikni ko‘rmaysiz.

Ushbu bozor viloyatdagi eng katta bozor hisoblanib, kuniga minglab sotuvchi mahsulotini ulgurji va chakana narxlarda sotadi. Shunga monand  minglab xaridor bozor-uchar qilish uchun kelib- ketadi.

Sotuvchilarning ta’kidlashicha, “pattachi”lar juda faol. Hatto bir quti pomidor yoki bodring olib kelgan dehqonni ham nazardan chetda qoldirishmaydi. Albatta, patta pulini oladi. Bundan tashqari chiqindi uchun ham alohida to‘lov qilasiz. Ammo bozordagi antisanitariya holati  dilni xufton qiladi. Hozirku quruqchilik, yog‘in-sochin vaqtlarida esa bozordagi ahvolni ta’riflashga til bormaydi.

Albatta, issiq quyosh taftidan obdan to‘yinib pishgan, tabiiy vitaminlarga boy bu mahsulotlarning mazasiyu foydali xususiyatlariga ortiqcha tarif va tavsif shart emas. Lekin baribir ularni sotib olar ekanmiz, xayolimizdan sifati buzilmagan ekanmi, degan fikr kechadi. Ana shunday kezlarda “Mahsulotingiz yangimi, sifatlimi?”, deya sotuvchiga yuzlanamiz. U esa hech qachon sotayotgan mahsulotini yomon demaydi. Shundan so‘ng ishonib-ishonmay xarid qilamiz, boshqa chora yo‘q.

Aslida esa bozordan olgan oziq-ovqat mahsulotlarimizning sifati to‘liq kafolatlangan bo‘lishi kerak. Buni ta’minlash vazifasi Respublika hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi hamda uning hududiy bo‘limlari zimmasiga yuklatilgan.

Markaz bevosita dehqon bozorlarida tashkil etilgan veterinariya-sanitariya ekspertiza (VSE) laboratoriyalari orqali bozorda sotilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining veterinariya-sanitariya qoidalarida belgilangan normalarga muvofiqligini tekshirishi va ijobiy xulosaga ega bo‘lgan tovarlarninggina sotilishiga ruxsat beradi.

Masalan, viloyatdagi mavjud 18 ta markaziy dehqon (oziq-ovqat) bozorlarining barchasida veterinariya-sanitariya ekspertiza laboratoriyalari faoliyat yuritmoqda.

– Ushbu laboratoriyalarimizning har biriga 4 nafardan mutaxassis biriktirilgan, – deydi viloyat hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi direktorining o‘rinbosari Jamshid Bozorov. – Laboratoriya o‘z faoliyatini savdo nuqtalari (bozorlar ma’muriyati), mulk   egalari, sotuvchilar va boshqa shaxslardan mustaqil holda amalga oshiradi.

Jamshid Bozorovning qo‘shimcha qilishicha, laboratoriya xodimlari bozorga kirib kelayotgan go‘sht, sut, guruch, meva-sabzavot va shu kabi oziq-ovqat mahsulotlarining har biridan namuna olib, uning sifatini laboratoriya sharoitida, belgilangan talablar asosida tekshiradi. Agar mahsulotning sifatiga hech qanday e’tiroz bo‘lmasa, shundan so‘ng sotuvchiga tegishli xulosa yorlig‘i (talon) beradi. Laboratoriya tekshiruvidan o‘tmagan oziq-ovqat mahsulotlarining esa bozorda sotilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Demak, bozordan biz xarid qiladigan oziq-ovqat mahsulotlari to‘liq kafolatlangan ekan-da, dersiz. Yo‘q, xulosa qilishga shoshilmang.

Biz viloyatdagi eng yirik bozor hisoblanmish “Yerqo‘rg‘on” dehqon (oziq-ovqat) bozoridagi holatni kuzatdik.

Umumiy maydoni 8 gektardan oshiqni tashkil etadigan ushbu bozorda 260 ta savdo do‘koni, 650 ga yaqin savdo rastasi mavjud. Bundan tashqari, hududdagi yuzlab dehqonlar, tadbirkorlar o‘zlari yetishtirgan mahsulotni bozorga olib kelib, rastadan tashqariga, ochiq maydonlarga qo‘yib sotishmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, bozorning 6 ta darvozasi orqali erta tongdan bu yerga oziq-ovqat mahsulotlari oqib keladi, go‘yo.  Bozordagi VSE laboratoriyasining 4 nafar xodimi esa shuncha mahsulotning har biridan namuna olib,  laboratoriya sharoitida tekshirib, sifatiga ishonch hosil qilganidan so‘nggina ularning sotilishiga ruxsat berishiga imkoni yetadimi?! Bunga kishi ishonishi qiyin. Boz ustiga ular “Yerqo‘rg‘on” dehqon (oziq-ovqat) bozori bilan yonma-yon joylashgan “Sevinch” savdo majmuasiga ham xizmat ko‘rsatar ekan.

Biz kun yarmiga qadar bozorda yurib, sotuvchilardan mahsulotiga VSE laboratoriyasidan xulosa berilgan yoki berilmagani haqida so‘radik. Ularning bir qismi “talon” olmaganini aytgan bo‘lsa, yana bir qismi “talon” berilgani, lekin uni tashlab yuborganini bildirdi. Faqat sanoqli sotuvchilar VSE laboratoriyasi tomonidan berilgan xulosa yorlig‘ini ko‘rsata olishdi. Ammo ularning qo‘lidagi “talon” ham bir kun oldingi sana bilan berilgan edi. Shundan so‘ng bozordagi VSE laboratoriyasiga yo‘l oldik.

–  Biz bozorga kirib kelgan har bir oziq-ovqat mahsulotini laboratoriyada tekshirib, shundan so‘ng uni sotishga ruxsat beramiz, – deydi laboratoriya veterinariya vrachi Xurshid Jalolov. – Oziq-ovqat mahsulotlariga bir marta bergan xulosamiz 48 soatgacha amal qiladi. Demak, kecha tekshiruvdan o‘tgan mahsulotni bugun ham sotish mumkin. 48 soatdan so‘ng yana tekshirib, boshqa xulosa beramiz. Agar bozorga yangi mahsulot kelsa, “chekchi”lar bizga xabar berishadi, borib tekshirib, iste’molga yaroqli yoki yaroqli emasligiga xulosa beramiz.

[gallery-13659]

Shunday ham deylik. Endi tasavvur qiling, bozordagi chakana savdo qiluvchi yuzlab dehqon va tadbirkorlarning aksariyati olib kelgan mahsulotini kun yarmiga qadar sotib, uyga qaytishmoqda. Ertaga esa yana yangi mahsulot olib keladi. Bu holatda ularga kecha berilgan “talon” bugun ham qanday amal qilishi mumkinligiga mutasaddilardan biror bir jo‘yali javob ololmadik.

E’tiborimizni tortgan yana bir holat esa, aksariyat sotuvchilar mahsulotini rastada emas, yerga qo‘yib sotishmoqda. Turli idishlarda, oyoq ostida, chang-to‘zonda sotilayotgan bu mahsulotlarning sanitariya-gigiyena talablariga qanchalik javob berishi o‘ylantirib qo‘yadi kishini.

Kuzatganlarimiz oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligini qat’iy  ta’minlash uchun aniq tizim yo‘lga qo‘yilgan, tegishli mas’ullar biriktirilgan, xuddi shu faoliyat uchun davlat byudjetidan milliardlab mablag‘ sarflanayotgani  markaziy dehqon bozorlaridagi gap.

Bozor tashqarisida, ko‘cha bozorlarida, kunlik bozorlarda sotilayotgan meva-cheva, sut-qatiq kabi mahsulotlarning sifatini tekshirib, shundan so‘nggina ularning sotuviga ruxsat beradigan tizim esa hali yo‘q. Shunday ekan, markaziy dehqon bozorlaridagi VSE laboratoriyalarining faoliyati oziq-ovqat mahsulotlarining sifatini nazorat qilish, xavfsizligini ta’minlash yo‘lida nomigagina yo‘lga qo‘yilgan tizimdek tasavvur uyg‘otadi kishida.

O‘lmas Barotov, O‘zA