
Rossiya-Ukraina
23 mart kuni Bryusselda o‘tgan YeIning sammiti Ukraina murojaatiga ko‘ra bir million snaryad hamda “Yer-yer” rusumidagi raketalarni yetkazib berish va’dasini tasdiqladi. Bu haqda YeIga a’zo davlatlar va hukumatlar rahbarlari yig‘ilishida qabul qilingan bayonotda aytiladi.
“Bu maqsadlar uchun Yevropa jahon jamg‘armasidan ikki milliardga yaqin mablag‘ ajratiladi.Bir million miqdoridagi snaryadlar o‘n ikki oy davomida manzilga yetkaziladi”.
Shuningdek, YeI yetakchilari Ukrainaga barcha ko‘maklar, xususan, siyosiy, iqtisodiy, gumanitar va harbiy yordamlar berishni davom ettirishga kelishdilar.
“Rossiyaga ko‘maklashayotgan Eron va Belarus tanqid qilindi”, deyiladi xabarda.
Yevropa kengashi raisi Sharl Mishelning bayonotiga ko‘ra, Ukrainaga jangovor samolyotlar berishni YeI hal etmaydi, unga a’zo davlatlarning o‘zlari mustaqil ravishda hal etmog‘i kerak.
YeI sammitida videomurojaat bilan qatnashgan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Yevropa mamlakatlarining birida “Dunyo formuli” anjumanini o‘tkazish taklifini ilgari surdi.
“Aksariyat jahon davlatlari va hukumatlari rahbarlari Kiyevga yetib kelolmayapti, shuning uchun shunday sammit o‘tkazish zarur, deb hisoblayman”, dedi Ukraina yetakchisi.
Xitoy Raisi Si Szinpin va AQSH Prezidenti Jo Bayden uchrashib, hamkorlikda Ukraina ziddiyatini hal etish bo‘yicha tinchlik rejasini ishlab chiqmog‘i lozim. Bu haqda Lyuksemburg Bosh vaziri Ksave Bettel aytib o‘tdi.
Ukraina atrofidagi ziddiyatni hal etish uchun Vashington Moskva bilan hamkorlik qilishga tayyor, ammo Rossiya tomonidan bunday intilish ko‘rinmayapti, deb bayonot berdi Qo‘shma Shtatlar Davlat kotibi Entoni Blinken.
Ispaniya hokimiyati keyingi haftada Kiyevga oltita “Leopard 2A4" tankini yuborishni rejalamoqda, deyiladi Qirollik mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabarida.
Finlyandiya Bosh vaziri Sanna Marinning ma’lum qilishicha, fin hukumati Kiyevga 14-harbiy yordam paketini yuborish uchun hozirlik ko‘rmoqda.
Vengriya Kiyevga harbiy texnika va qurol-yarog‘lar jo‘natmaydi, deb bayonot berdi mamlakat hukumati devonining rahbari Gergey Guyyash.
“Vengriya o‘z tamoyiliga sodiq: ziddiyat tinch yo‘l bilan hal etilmog‘i kerak”, dedi u.
Guyyash, shuningdek, Shimoliy alyans Vengriya fikrni olmasdan Ukraina bilan munosabatlar, ayniqsa, yangi a’zolar qabul qilish bo‘yicha hech qanday qaror chiqara olmaydi.
Fransiya Qurolli kuchlar vazirligi ukrainalik uchuvchilarni mahalliy “Mirage 2000” uchoqlarini boshqarishni o‘rganayotgani to‘g‘risida “Le Figaro” gazetasida e’lon xabarni rad qilib chiqdi.
Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida 21 martda Kiyevga safari avvaldan xabar qilinmagani va Rossiyani tashrifdan xabardor qilgani to‘g‘risida berilgan savolga jvob berishdan voz kechdi.
“Diplomatik aloqalar haqida gap ketganda bu mavzuni javobsiz qoldiraman”, dedi u.
Kisidaning so‘zlariga ko‘ra, Yaponiya gumanitar yordam tarzida Ukrainaga transport vositalari va qurilish texnikasini jo‘natish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.
Chexiya Prezidenti Petr Pavel “Suddeutsche Zeitung” nashriga bergan suhbatida Ukrainaga mamlakat zaxirasidan boshqa qurol-yarog‘ yetkazib berilmasligi haqida gapirdi.
Shu bilan birga, u Germaniyaning Ukrainaga “Leopard 2” tanklarini jo‘natish qarorining to‘g‘ri bo‘lganini ta’kidladi.
Abror XON,
O‘zA