English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangiobodlik bolajonlarga bayram tuhfasi
10:23 / 2022-12-29

Yangi 2023 – “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” eshik qoqib turgan shu kunlarda Jizzax viloyatining eng chekka hududi Yangiobod tumanidagi “Sarmich” mahallasida 60 o‘rinli yangi davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Yangiobod tumani hokimi Ibrohim Qarshiboyev yangi maskan – davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining foydalanishga topshirilishi “Sarmich”lik bolajonlar uchun eng yaxshi tuhfa bo‘lganini qayd etdi.  

– MTTda barcha sharoitlar yaratilgan, – deydi Jizzax viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Feruza Soliyeva. – Eng chekka qishloqlarimizda ham zamon talablariga to‘la javob bera oladigan maktabgacha ta’lim tashkilotining bunyod etilishi ta’lim-tarbiya sifatiga berilayotgan e’tibordan dalolat.  

DMTT isitish, toza ichimlik suvi, elektr energiyasi bilan ta’minlangan. Barcha xonalar zamonaviy inventarlar bilan jihozlangan. Jajji bolajonlarga mo‘ljallangan ertak kitoblari mo‘jazgina kutubxona javonlarini bezab turibdi. Xavfsiz va yumshoq o‘yinchoqlar esa bolajonlar uchun ayni muddao.

Ushbu davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyatini boshlashi natijasida “Sarmich” mahallasidagi 20 nafar xotin-qiz doimiy ish bilan ta’minlandi.

 

A.Qayumov, O‘zA