
Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanidagi eng olis hududlardan biri Fayziobod mahallasida 27-sonli qishloq oilaviy poliklinikasi aholiga xizmat ko‘rsatishni boshladi.
Mukammal qayta qurishdan so‘ng o‘zgacha qiyofa kasb etgan, qiymati 3,56 milliard so‘m bo‘lgan, 100 qatnovga mo‘ljallangan shifo maskani tumandagi Axsi, Yakkatom, Fayziobod, Uzumzor, Qodirobod, Xo‘jand, Sohilobod, Naymancha mahallalarida istiqomat qiluvchi 27 ming aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.
[gallery-8539]
Endi tashxislash, laboratoriya xizmatlari va boshqa tekshiruvlardan o‘tish uchun viloyat yoki tuman markazlariga borishga hojat qolmadi. Chunki poliklinikaning o‘zida UZI tekshiruvi, barcha laboratoriya tahlillari o‘tkazish, kunduzgi davolanish uchun shart-sharoitlar mavjud. Jarroh, ginekolog, stomatolog ko‘rigi, tez yordam xizmati ham ko‘rsatiladi. Hattoki tug‘ish yoshidagi ayollarni skrining tekshiruvidan o‘tkazish ham shu joyning o‘zida olib boriladi. Ijtimoiy dorixonada esa shifokor retsepti asosida Hukumat qaroriga muvofiq 126 turdagi dori-darmonlar va tibbiy buyumlar bepul beriladi.
Qishloq oilaviy poliklinikasining ochilishida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov ishtirok etdi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA