English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi O‘zbekistonda Navro‘z yangicha mazmun kasb etdi
10:57 / 2023-03-24

Bu yilgi qish xalqimiz tilida hali uzoq yillar tilga olinadi. Biroq sovuq baribir bahorning iliq nafasi oldida o‘z ojizligini his qildi. Gullagan daraxtlar, yashil o‘tloqzor, qushlar chug‘uri, iliq harorat va nihoyat kunlarning cho‘zilishi shaharning kulrang qiyofasiga kamalak tusini berdi. Qahraton qishdan keyingi navbahor insonlar nazdida o‘zgacha tarovat bilan ko‘z ochdi. Yangi O‘zbekistonga yangicha bahor keldi.

Navoiy shahri aholisi ham tabiat uyg‘onishini bu yil o‘zgacha shukuh bilan kutib oldi. Ayniqsa, Navoiy davlat pedagogika instituti professor-o‘qituvchilari va talabalari kayfiyati bayramona. Bahorning ilk kunlaridanoq oliy ta’lim muassasasi xotin-qizlari uchun viloyat ma’naviyat va ma’rifat markazining katta tantanalar zalida nafosat bayramining tadbiri va konsert dasturi yuqori did bilan tashkil etilib, unda institutda uzoq yillardan buyon mehnat qilib kelayotgan ayol ishchi-xodimalar, olimalar, sportchi qizlar turli qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.  

Azaldan yaxshilik-yaxshiliklarni, bayram-bayramlarni boshlab keladi. Hali 8 martning latif tabassumi so‘nishga ulgurmay go‘zal Navro‘zi olam kirib keldi. Navro‘z vatanimizning har bir go‘shasida nishonlangani kabi bizning Vatan ichidagi kichik vatanimiz Navoiy davlat pedagogika institutining har bir fakultetida Yangi kunning tashrifi “Qozon to‘ldi” kabi qadimiy marosimlarni tiklash maqsadida sumalak, halim, osh kabi bir-biridan totli milliy taomlar, polvonlar kurashi, baxshilar bellashuvi, lola sayli bilan qarshi olindi. Ushbu marosim va sayillar mohiyatan jamoat hayotini yanada yaxshilash, tabiat mushkulotlarini yengillashtirish, kelayotgan ko‘klam va yangi yilni qutlab, uning barakali o‘tishini Yaratgandan so‘ragan holda turli o‘yin, harakat, qo‘shiqlar asosida amalga oshirildi. Zero, bu e’tiqod va u bilan bog‘liq marosimlar tizimi elimiz orasida bugungi kungacha yashab kelmoqda.  

Oliygoh rektori, professor Bahodir Sobirov har bir fakultetning bayramini o‘zlari bosh-qosh bo‘lib o‘tkazish bilan birga o‘z bayram tabriklarida: “Biz har yili Navro‘zning yangidan-yangi qirralarini, asrlar bo‘yi sir-sinoat bo‘lib kelayotgan jihatlarini kashf etib boraveramiz. Tarix bu shunchaki raqamlardangina iborat emas. U har bir xalqning tushuncha va tasavvurlari, quvonch-u tashvishlari, orzu-umidlarini ham ifoda etadi. Aytishimiz mumkinki, Yangi O‘zbekistonda Navro‘z tamomila yangicha mazmun va mohiyat kasb etdi. Xalqimiz hayotidan o‘zining munosib o‘rnini egalladi. Bunday kunlarda el, ulus bilan birlikni, jamoa totuvligini yana bir karra his qilasan kishi” – dedi to‘lqinlanib.  

Darhaqiqat, jamoadagi birlik yangi marralar, yutuqlar, g‘alabalarga yetaklaydi. So‘nggi yillarda Navoiy davlat pedagogika institutidagi o‘zgarishlar: xalqaro hamkorliklarning yo‘lga qo‘yilishi, ilmiy salohiyatning keskin yuqorilashi, binolarning zamonaviy ta’miri, o‘quv-uslubiy ta’minotning so‘nggi texnologiyalar bilan boyitilishi, talaba-yoshlarning xalqaro va respublika olimpiadalaridagi g‘alabalari, turli nomdor stipendiya va Zulfiya nomidagi mukofot sohiblari bo‘lishi, xullas, yutuqlar bisyor. Albatta, bu − institutda tashkiliy jarayonning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganligi, jamoa hamjihatligi, ta’limning sifat darajasi ko‘tarilganligidan dalolat.  

Ra’no Davlatova,  

Navoiy davlat pedagogika instituti o‘qituvchisi,

filologiya fanlari doktori  

O‘zA