English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi O‘zbekiston yoshlari – kelajagimiz va istiqbolimiz poydevori
16:55 / 2023-05-18

Mamlakatimizda yoshlar bilan ishlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Bu borada yoshlar bandligini ta’minlash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish muhimdir. Mehnat bozorida yoshlarga munosib ish o‘rinlarini topib berish mamlakat istiqboli uchun muhim ahamiyatga ega.

Shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida 2022-2023-o‘quv yili bitiruvchilari hamda ish beruvchi vazirliklar, idoralar, turli tashkilot, korxona va muassasalar o‘rtasida bevosita muloqotni ta’minlash maqsadida “Yangi O‘zbekiston yoshlari – kelajagimiz va istiqbolimiz poydevori!» shiori ostida ish beruvchi tashkilot vakillari va talabalar uchrashuvi o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov yoshlar kelajagimiz poydevori ekani, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash  davlatimiz siyosatining ustuvor maqsadi ekanini ta’kidladi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida talabalar va  ish beruvchi tashkilotlar bilan “Karera kuni”ning o‘tkazilishi muntazamlik kasb etgan.

Mazkur “Karera kuni”da Akademiyaning Mumtoz sharq filologiyasi, Islomshunoslik va Islom iqtisodiyoti hamda xalqaro munosabatlar fakultetlarining bakalavriat yo‘nalishi bitiruvchi talabalari ishtirok etdi.

Chindan ham yoshlar – ertamiz egalari. Bu borada Prezidentimiz yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “Eng muhim vazifa, avvalo, yoshlar bandligini ta’minlash, munosib daromad olishi uchun ularga sharoit yaratib berish. Bu boradagi eng katta imkoniyat va zaxiramiz bu – tadbirkorlik, ayniqsa, kichik va o‘rta biznesdir”, deb ta’kidlagani bejiz emas.

2022-2023 o‘quv yilida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasini 457 nafar talaba bakalavriat va 141 nafar yigit-qiz  magistratura bosqichini tamomlamoqda. Akademiyada Islomshunoslik, Mumtoz sharq filologiyasi hamda Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti va 10 dan ziyod kafedralar faoliyat yuritmoqda.

Respublika oliy ta’lim muassasalari Milliy reytingida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi ilmiy salohiyati bo‘yicha 1-o‘rinni, ijtimoiy-gumanitar soha bo‘yicha OTMlar reytingida 4-o‘rinni egalladi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida  yuksak salohiyatli mutaxassis-kadrlar tayyorlash jarayonida ham ko‘plab yangiliklar amalga oshirildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida talaba-yoshlar xalqaro ta’lim standartlari asosida tahsil olmoqda. Ularga o‘z sohasining yetuk olimlari, mutaxassislari saboq beryapti. Xalqaro miqyosda ham o‘z nufuziga ega bo‘lib borayotgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi muntazam ravishda o‘z moddiy-texnik bazasini ham rivojlantirib, talabalarning xalqaro ta’lim standartlari asosida ta’lim olishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib bermoqda.

Bitiruvchilarni munosib ish o‘rni bilan ta’minlash maqsadida bugungi kunda ko‘plab korxona, tashkilot va muassasalar bilan hamkorlik shartnomalari imzolangan. Jumladan, talabalar yurtimizdagi barcha ta’lim muassasalari, tashkilot va idoralarda amaliyot olib boryapti.

Tadbir doirasida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi, Yangi asr universiteti hamda Xalqaro Nordik universiteti bilan memorandumlari  imzolandi.

O‘z navbatida mehmonlar mazkur hamkorlik aloqalari kelgusida yoshlar istiqboli, yurt ravnaqiga qo‘shadigan muhim qadam ekanini ta’kidladi.

Tadbirda ishga tanlov yuzasidan ish beruvchilarning bitiruvchilar bilan suhbat jarayonlari tashkil etildi. Mazkur jarayonda 50 ga yaqin davlat va nodavlat tashkilotlarining vakillari ishtirok etdi.

Muxtasar aytganda, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi yoshlarning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi yo‘lida zamonaviy, ilg‘or-innovatsion shart-sharoitlarni yaratib bermoqda. Bugungi tadbir esa ana shu ishlarning amaliy davomidir.

N.Usmonova, O‘zA