English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi Konstitutsiya – O‘zbekiston taraqqiyotida yangi davrni boshlab beradi
11:13 / 2023-03-24

O‘zbekistonda Yangi Konstitutsiya bo‘yicha referendum joriy yilning 30 aprel kuni o‘tkaziladi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muqaddimasida xalqimizning demokratiya g‘oyalariga, ijtimoiy adolat, erkinlik va tenglik kabi qadriyatlarga sodiqligi ifoda etilgan. Ijtimoiy adolat tamoyili mamlakatimizda jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini belgilab beradi.

Prezidentimizning “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risidagi” farmonida mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish maqsadi belgilangan. Ko‘rib turganimizdek, ijtimoiy adolat jamiyat hayotining asosiy maqsadi va orzusiga aylangan. Strategiyaning 20-maqsadida “Faol fuqarolik jamiyatini rivojlantirish hamda fuqarolar o‘rtasida qonunga hurmat va itoat qilish hissini shakllantirish; aholining huquqiy madaniyati va ongini yuksaltirish, bu borada davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va ta’lim tashkilotlari bilan o‘zaro samarali hamkorligini yo‘lga qo‘yish; tadbirkorlar va aholi, ayniqsa uning kam ta’minlangan qatlamlari uchun huquqiy hujjatlarni yurist ishtirokisiz tayyorlash imkonini beruvchi “Legal Tech” platformasini ishga tushirish” kabi vazifalarning belgilanishi ijtimoiy adolat tamoyilining asl maqsadini tashkil qiladi.

Ijtimoiy adolat tamoyili Konstitutsiyamiz va boshqa bir qator joriy qonunlarda o‘z ifodasini topgan. Shu bilan bir qatorda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyili sifatida Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasining bosh maqsadi sifatida qayd qilingan.

Huquqiy davlat barpo etish sharoitida ijtimoiy adolat insoniyatning oliy ma’naviy qadriyatlarini tasdiqlab, bu qadriyatlarning jamiyat hayotidagi hal qiluvchi rolini ta’minlaydi, shaxsga nisbatan o‘zboshimchalik va zo‘ravonlikni istisno qiladi. Jamiyatda qonun ustuvorligining ma’naviy asosini insonparvarlik va adolat, inson huquqlari, uning sha’ni va qadr-qimmati kabi umuminsoniy tamoyillar tashkil etadi. Ijtimoiy adolat insoniyat tarixida asrlar mobaynida shakllangan muhim ijtimoiy g‘oya va xalqning doimiy orzusi bo‘lib, jamiyatda ro‘y berayotgan islohotlar davrida uning ahamiyati tobora ortib bormoqda. Jamiyatimizda ro‘y berayotgan demokratik o‘zgarishlar esa bu tamoyilning hayotga tatbiq qilinayotganining yorqin dalili sifatida ko‘zga tashlanadi.

Ijtimoiy adolat davlat hokimiyati organlarining boshqaruv salohiyati va fuqarolik jamiyatining tarkibiy qismlari va imkoniyatlari o‘rtasida hamjihatlik va adolatli ijtimoiy tartibotni tashkil etish vositasi sifatida faoliyat yurituvchi huquqiy mexanizmlar orqali amalga oshiriladi.

Ijtimoiy adolat erkinlik va tenglik tushunchalari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, ularning uyg‘unligida yaqqol namoyon bo‘ladi. Erkinlik va tenglik tushunchalari esa qonuniylik tushunchasi bilan uzviy bog‘liq holda ijtimoiy adolatni huquqiy jihatdan mustahkamlashga xizmat qiladi. Jamiyat a’zolarining qonun oldida tengligi, inson huquqlarini ta’minlash va himoya qilish ijtimoiy adolat tamoyilining bosh maqsadini tashkil qiladi.

Konstitutsiyamizning yangi tahririda shularga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, ijtimoiy, demokratik-huquqiy va chinakam xalqparvar davlatchilik asoslarini yaratish, aholi farovonligini oshirish, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada yuksaltirish, hayotning barcha sohalarini liberallashtirishga muhim ahamiyat qaratilgan. Yangi Konstitutsiya Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida yangi davrni boshlab beradi. Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, konstitutsiyaviy islohotni fuqarolarimiz fikri va qo‘llab-quvvatlashi asosida, referendum orqali amalga oshirsak, bu tom ma’noda xalqimiz xohish irodasining ifodasi-haqiqiy xalq Konstitutsiyasi bo‘ladi.  

Ayni kunda mazkur referendumni o‘tkazish va unda aholining faol ishtirokini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Darhaqiqat Yangi Konstitutsiya sizniki, bizniki, barchamizniki. Shunday ekan, referendumga barchamiz o‘z xohishimiz va yurt ravnaqiga daxldorlik hissi bilan ishtirok etishimiz lozim.

Rahima Yusuvaliyeva,  

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti

Kafedra mudiri