
Samarqand shahar Mironshoh ko‘chasi 6-manzilda joylashgan xususiy mulkda bo‘lgan moddiy madaniy meros ob’ektining bugungi kundagi holati ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Madaniy meros agentligi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur turar joy binosi 2019 yil 4 oktyabrdagi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari Milliy ro‘yxatiga kiritilgan va mahalliy ahamiyatdagi moddiy madaniy meros ob’ekti hisoblanadi.
Madaniy meros ob’ektining avariya holatga kelib qolgani yuzasidan tarqalgan ma’lumotlar yuzasidan hududiy boshqarma tomonidan o‘rganish ishlari olib borilgan.
O‘rganishlarga ko‘ra, 2015 yil 10 dekabrda Mironshoh ko‘chasi 4-manzilda «Afrosiyob Hosiyat Begim Makoni» MCHJ tomonidan qurilish ishlari jarayonida og‘ir texnikalarning yurishi, 8-10 metrli kotlovan qazish va qurilish ishlarining olib borilishi natijasida madaniy meros ob’ektining devorlarida yoriqlar paydo bo‘lib, ayrim devorlar yiqilib tushgani aniqlangan.
Holat yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirilib, jarayonni to‘xtatish so‘ralgan. Shundan so‘ng xususiy tadbirkorga yana bir necha bor ogohlantirish berilishiga qaramasdan qurilish ishlari davom ettirib kelingan. Buning natijasida madaniy meros ob’ektiga yanada jiddiy zarar yetkazilgan. 2016 yil 1 iyul kuni madaniy meros ob’ektining texnik holati o‘rganilib, dalolatnoma tuzilgan va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilingan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining hukmi bilan Mironshoh ko‘chasi 6-manzilda joylashgan madaniy meros ob’ektining qisman buzilib o‘ta og‘ir avariya holatiga kelib qolishiga sababchi bo‘lgan fuqaro O.R. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 132-modda, 2-qismi bilan aybli deb topilib, qonuniy chora ko‘rilgan.
Xususiy tadbirkor tomonidan turar joy binosiga yetkazilgan zarar natijasida madaniy meros ob’ektining tarixiy, madaniy, badiiy ahamiyatiga jiddiy zarar yetkazilgan. Tarixiy mulkka nisbatan jiddiy zarar yetkazgani sababli tadbirkorga nisbatan ozodlikdan mahrum etish jazosi qo‘llanilgan. Hozirgi kunda hududiy boshqarma tomonidan avariya holatiga kelib qolgan ob’ektni asrab qolish yoki tarixiy ahamiyatini yo‘qotgan, deb topish yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
O‘zA