
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tomonidan Yevropa Ittifoqi moliyalashtirayotgan «BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan tanlangan pilot hududlarning mahalliy davlat hokimiyati organlari huzurida Jamoatchilik-maslahat kengashlarini tuzish» loyihasi doirasida Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida seminar-trening o‘tkazildi.
Unda Xovos tumani hokimligi va xalq deputatlari Kengashi huzurida tashkil etilgan Jamoatchilik-maslahat kengashlari a’zolari, Sirdaryo viloyati va Xovos tuman Xalq deputatlari kengashlari deputatlari, tuman hokimligi mas’ullari, prokuratura, adliya, sog‘liqni saqlash, ta’lim, ichki ishlar organlari rahbarlari va tuman ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Seminar-trening Jamoatchilik-maslahat kengashlari a’zolariga yuklatilgan vazifalardan biri bo‘lgan xalq deputatlari Kengashi sessiyasiga qo‘yilayotgan masalalar bo‘yicha taklif va tavsiyalarni shakllantirish hamda jamoatchilik nazorati tadbirini o‘tkazish borasidagi amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish maqsadida tashkil etildi.
Treningda Jamoatchilik-maslahat kengashlari a’zolari Xovos tumani xalq deputatlari Kengashining navbatdagi sessiyasi kun tartibiga qo‘yilgan masala – Sog‘liqni saqlash bo‘limi boshlig‘ining tuman aholisiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati haqidagi hisobotini eshitishdi.
Hisobot yakuni bo‘yicha Jamoatchilik-maslahat kengashlari a’zolari tomonidan tuman sog‘liqni saqlash muassasalari rahbarlariga ko‘plab savollar berildi va mazkur sohadagi ishlarni yaxshilash bo‘yicha qator takliflar bildirildi.
Tadbirning ikkinchi qismida Jamoatchilik-maslahat kengashlari a’zolari tumanning bir qator tibbiy muassasalari (oilaviy poliklinika, mahalla tibbiyot punkti va markaziy kasalxona)ning faoliyati bilan bevosita joyiga chiqib tanishdi.
O‘rganish jarayonida mazkur muassasalar faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha Jamoatchilik-maslahat kengashlari a’zolari tomonidan qator tavsiyalar berildi.
Seminar-trening davomida Jamoatchilik-maslahat kengashlari a’zolari tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar umumlashtirilib, tuman hokimligi va xalq deputatlari Kengashiga taqdim etildi.
O‘zA