
Londonda o‘tkazilgan "Hertfordshire Press Awards" tanlovida taniqli o‘zbek shoirasi Xosiyat Rustamovaning "Rangin ko‘zyoshlar" nomli she’riy to‘plami g‘olib deb topildi.
Ushbu mukofot Yevroosiyo mamlakatlarining yozuvchi-shoirlariga adabiyot rivoji, shuningdek, madaniy o‘ziga xosligi, har bir mamlakat va xalqlarning tarixiy an’analarini targ‘ib qilishga qo‘shgan hissasi uchun beriladi. "Hertfordshire Press Awards" taqdirlash marosimi Yevroosiyo mintaqasi ijodiy va madaniy doiralari vakillarini birlashtirishga qaratilgan "Yevroosiyo ijodiy gildiyasi" tomonidan har yili tashkil etiladi.
Mazkur tanlovda Qozog‘iston, Ozarbayjon, Tojikiston, O‘zbekiston, Bolgariya va Isroil yozuvchi va shoirlarining asarlari baholandi. Yurtdoshimiz Xosiyat Rustamovaning "Rangin ko‘zyoshlar" nomli she’riy to‘plami "Tanqidchilar tanlovi" nominatsiyasi g‘olibi deb e’lon qilindi.
Londondagi adabiy tanlov doirasida O‘zbekiston vakilining ishtiroki va munosib taqdirlanishi o‘zbek madaniyati va san’ati, she’riyati, xalqimizning o‘ziga xosligi namoyon bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etadi.
M.Komilova, O‘zA