
O‘zbekistonda IT sohasiga sarmoya kiritish nafaqat mahalliy korxonalar, balki xalqaro kompaniyalarning ham e’tiborini tortmoqda. Xorijlik hamkorlar ishtirokida yana bir IT akademiyasi ochilgani buning isbotidir.
2021 yilning 8-14 noyabr kunlari IT-Park delegatsiyasi Bangladesh Xalq Respublikasiga tashrif doirasida Bangladeshdagi Amerika xalqaro universitetida bo‘lgan edi. Tashrif chog‘ida Toshkent shahrida xalqaro IT akademiyasini tashkil etish to‘g‘risida qo‘shma qaror qabul qilindi.

Qo‘shma loyihalarni amalga oshirish maqsadida 23 mart kuni IT-Parkning Toshkent filialida ““NEXTGEN ACADEMY” xalqaro IT akademiyasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosimni raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov ochdi. O‘z nutqida u ishtirokchilarni “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi bilan tanishtirdi va hujjat doirasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar, keyingi rejalar haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi. Vazir o‘rinbosari O‘zbekistonni mintaqaviy IT-xabga aylantirish va eksport hajmini 1 milliard dollargacha oshirish borasidagi vazifalar muhimligi, shuningdek, xalqaro hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarning ahamiyatini ta’kidladi.

Tadbir davomida Uzluksiz ta’lim institutining IT direktori Monirul Islam ishtirokchilarga butun dunyoda IT rivojini aks ettiruvchi o‘zining tahliliy taqdimotini taqdim etdi va malakali kadrlar yetishmasligi muammolarini ta’kidladi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar fikr va mulohazalar almashib, kelajakda ushbu xalqaro akademiya bilan hamkorlikda yangi yirik loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldilar.
O‘zA