
Andijonda o‘smirlar o‘rtasida basketbol bo‘yicha viloyat chempionati bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda ommaviy sport turlarini rivojlantirish, yoshlarni sportga jalb etish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Ana shu yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, sportning basketbol turi ommaviyligini oshirish maqsadida viloyat Yoshlar siyosati va sport, Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari hamkorligida Xo‘jaobod tumani bolalar va o‘smirlar sport maktabida 16 yoshli o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqalarda tuman, shahar jamoalari ishtirok etib, g‘oliblik uchun o‘zaro bahs olib bordi.

Qizg‘in va murosasiz kechgan musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra, Xo‘jaobod tumani yosh basketbolchilari barcha raqiblaridan ustun kelib, viloyat chempionligini qo‘lga kiritdi. Endi ular mazkur yosh toifasida respublika chempionatida ishtirok etadi.
Viloyat chempionatida ikkinchi o‘rin Izboskan tumani, uchinchi o‘rin esa Andijon shahri jamoalariga nasib etdi.
G‘olib va sovrindorlar musobaqa tashkilotchilari tomonidan diplom hamda tegishli medallar bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari.