
Tojikistonning Xo‘jand shahrida Mir Alisher Navoiyning 582 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy, adabiy, madaniy kecha bo‘lib o‘tdi. U akademik Bobojon G‘afurov nomli Xo‘jand davlat dorilfununi, Tojikiston Yozuvchilar ittifoqining Sug‘d viloyati bo‘limi, Sug‘d viloyati O‘zbeklar jamiyati va O‘zbekistonning «Vatandosh» jamoat fondi hamkorligida o‘tkazildi.
Kechada so‘zga chiqqan Sug‘d viloyati Hukumati ijtimoiy taraqqiyot va jamoat bilan aloqa bo‘limi mudiri, filologiya fanlari doktori Tojiboy Sultoniy, akademik Bobojon G‘afurov nomli Xo‘jand davlat dorilfununi rektori, tarix fanlari doktori Ayubjon Usmonzoda, O‘zbekistonning «Vatandosh» jamoat fondi Raisi Odiljon Sattorov Hazrat Mir Alisher Navoiyning nafaqat o‘zbek, balki jahon adabiyotida ham tutgan muhim o‘rni, Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy tamal toshi qo‘ygan o‘zbek-tojik do‘stligining keyingi yillarda yanada mustahkamlangani borasida aniq misollar keltirib o‘tdi. Bu borada O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlari – hurmatli Shavkat Mirziyoyev va muhtaram Emomali Rahmon qo‘shgan beqiyos hissa qo‘shayotgani ta’kidlandi.
Kechada o‘zbekistonlik taniqli adabiyotshunos olim Sayfiddin Rafiddinov, tojikistonlik adabiyotshunos olimlar Feruza Qayumova va Abdusamad Ermuhamedov Alisher Navoiyning olamshumul ijodi, uning ilm va adab ahliga g‘amxo‘rligi, faqat o‘zbek (turk) tilida emas, balki tojik (fors) tilida ham go‘zal asarlar bitganligi, mutafakkir shoir ijodining Tojikistonda o‘rganilishi borasida ma’ruzalar qilishdi.
O‘zbekistonlik iste’dodli shoirlar – O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi maslahatchisi Salim Ashur, «Sharq Yulduzi-Zvezda Vostoka» jurnallari bosh muharriri Sirojiddin Raufning she’rlari, tojikistonlik taniqli teatr va kino aktyori Abduqodir Yahyoyev o‘qigan Alisher Navoiy monologi kecha husniga husn qo‘shdi.
Xo‘jandlik taniqli hofizlar Alisher Navoiy g‘azaliga bag‘ishlangan kuy-qo‘shiqlar ijro etishdi.
Hazrat Mir Alisher Navoiyga bag‘ishlangan tadbirlar Tojikistonning boshqa shahar va qishloqlarida ham bo‘lib o‘tmoqda.
O‘rinboy Usmon, O‘zA