
Nukusda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida “Salomatlik spartakidasi”ning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi hamda Federatsiyaning Qoraqalpog‘iston Kengashi tomonidan hamkorlikda tashkil etilgan musobaqada korxona, tashkilot va muassasalarda faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlar sportning stol tennisi, voleybol, stritbol hamda badminton turlari bo‘yicha kuch sinashdi.
Xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularni sportning ommaviy turlariga jalb etish maqsadida tashkil etilgan musobaqalarda g‘oliblar aniqlandi. Stol tennisi bo‘yicha ayollar o‘rtasida birinchi o‘ringa respublika o‘yin turlari yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabi murabbiyi Gulxan Jalg‘asbayeva, erkaklar o‘rtasida Kegayli tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimi Saparbay Utemuratov sazovor bo‘ldi.
[gallery-8544]
Voleybol bo‘yicha Madaniyat, sport va turizm sohalari xodimlaridan tashkil topgan jamoa, stritbol bo‘yicha respublika o‘yin turlari yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabi jamoasi, badminton bo‘yicha respublika o‘yin turlari yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabi murabbiylari Ayjamal Matniyazova hamda Arslanbek Seytjanov g‘olib bo‘ldi.
Barcha sport turlari bo‘yicha g‘oliblar Samarqand viloyatida bo‘lib o‘tadigan mamlakat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
G‘olib va sovrinli o‘rin egalari tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev(surat), O‘zA