
Mamlakatimizda xizmatlar sohasini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Prezidentimizning bir qator farmon, qarorlari, Davlat va Investitsiya dasturlari asosida amalga oshirilayotgan yangicha yondashuvlar o‘z samarasini berayotir. Xizmatlar sohasining rivoji esa birinchi galda aholi bandligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Buxoro viloyatida ham xizmatlar sohasini rivojlantirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Prezidentimiz topshirig‘iga asosan Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida har o‘n besh kunda xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarni muhokama qilib, mutasaddi rahbarlar faoliyatiga tanqidiy baho berish tavsiya etilgan edi. Shunga asosan barcha mahalliy Kengashlarda har o‘n besh kun muddatda xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish, xizmatlar hajmini bir yarim barobarga oshirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning natijadorligi to‘g‘risidagi masala tuman Kengashi sessiyalariga keng muhokama qilinib, mutasaddi rahbarlarning hisobotlari tinglanmoqda. Qabul qilingan qarorlar e-qaror.uz platformasiga barcha tanishishi uchun e’lon qilib borilmoqda.
Prezidentimiz qarori doirasida Buxoro viloyatida xizmatlar sohasini rivojlantirish borasida bir qator vazifalar belgilab berilgan. Ishchi guruh a’zolari tomonidan olib borilgan o‘rganish ishlari davomida mazkur qarorda belgilangan ayrim vazifalar ijrosini bajarish ishlari sust olib borilayotganligi ko‘rish mumkin.
Masalan, qarorning 6-ilovasiga muvofiq xalqaro yo‘llar bo‘yida xizmat ko‘rsatish ob’ektlari tashkil etiladigan tuman va shaharlar ro‘yxati tuzilgan. Ushbu ro‘yxatga e’tibor qaratadigan bo‘lsak Buxoro viloyatida xalqaro yo‘llar bo‘yida xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini barpo etish masalasi qo‘yilganligini ko‘rishimiz mumkin. Biroq, ushbu xalqaro yo‘llar bo‘yida ko‘zga ko‘rinadigan loyihalar bo‘yicha xizmat ko‘rsatish ob’ektlari tashkil etilgani yo‘q.
Shuningdek, 2022 yilda xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ning 36-bandiga muvofiq sog‘liqni saqlash sohasidagi xizmatlarni rivojlantirish maqsadida yirik loyiha hisoblangan Buxoro shahrida “tibbiyot shaharchasi”ni tashkil etish belgilangan. Bunda, zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan viloyatning 10 ta tibbiyot muassasasi hamda Buxoro tibbiyot instituti klinikasini barpo etish belgilangan. bugungi kunga kelib faqat tibbiyot institutining binosi qurildi. Viloyatning 10 ta tibbiyot muassasasi klinikasini barpo etish ishlari boshlangan va muassasa atrofida xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini joylashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Viloyatda xizmatlar sohasini rivojlantirish borasida e’tiborni qaratish lozim bo‘lgan vazifalar yuzasidan o‘z takliflarimizni bildirmoqchiman.
Prezidentimiz qarorining 3-6 ilovalarida belgilangan vazifalar ijrosini to‘liq ta’minlashga e’tiborni qaratish kerak. Xalqaro yo‘llar bo‘yida bir qancha ishlab chiqarish, savdo va umumiy ovqatlanish, mehmonxona, turizm hamda boshqa xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish imkoniyati mavjud. Biroq, ushbu yer maydonlari ekin yerlari toifasiga kirishi hisobiga tadbirkorlarga ajratish imkoniyati mavjud emas. Shu munosabat bilan viloyat hokimligi va tegishli tashkilotlar ishtirokida mazkur qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni yer fondi toifasini o‘zgartirish, balansdan balansga o‘tkazish, zaxiraga olish hamda tadbirkorlarga ajratish bo‘yicha amaldagi tartiblarni soddalashtirish bo‘yicha takliflarni tayyorlab, yuqori ruxsat beruvchi tashkilotlarga kiritish zarur.
Davlat soliq boshqarmasi tomonidan yangi tashkil etilayotgan xizmat ko‘rsatish ob’ektlaridagi ish o‘rinlarini legallashtirishga asosiy e’tiborni qaratish lozim. Masalan, oliy ta’limda amalga oshirilayotgan so‘ngi islohotlarga ko‘ra, talabalarga ishlash imkoniyatlari yaratilib berilmoqda. Biroq, barcha korxona va tashkilotlar talabalarni birdek ishga qabul qilavermasligini barchamiz yaxshi bilamiz. Natijada ko‘pchilik talabalarimiz umumiy ovqatlanish xizmatini ko‘rsatadigan ob’ektlarda, ayniqsa, Buxoro shahridagi ob’ektlarda hech qanday mehnat qonunchiligiga asoslanmagan shartlarda ishlab kelmoqda. Shundan kelib chiqqan holda birinchi galda yoshlar mehnatini qonuniylashtirishga e’tibor qaratish lozim.
Xizmatlar sohasini rivojlantirish borasida har bir tuman va shaharning alohida xususiyatlarini inobatga olib, xizmatlarning yangi turlarini tashkil etish. Masalan, Romitan va Jondor tumani markazlaridan o‘tuvchi Zarafshon daryosi bo‘ylarida suv va sohil bo‘yi ko‘ngilochar xizmatlarini yo‘lga qo‘yish mumkin. Shuningdek, viloyatimiz hududining katta maydonini cho‘l zonasi tashkil etadi. Rivojlangan mamlakatlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak cho‘l hududlarida ham katta-katta xizmat ko‘rsatish loyihalari yo‘lga qo‘yilgan. Misol uchun, avtomotosportning mashhur “ralli” bahslari rivojlantirilgan. Viloyatimizning cho‘l qismida ham ushbu “ralli” bahslarini o‘tkazish bo‘yicha loyihalarni yo‘lga qo‘yish lozim.
Buning natijasida viloyatimizda turizmni rivojlantirish va sayyohlar oqimini ko‘paytirish, sport va festivallar turizmini rivojlantirish, avtomotosport turlarini ommalashtirish, shuningdek, yosh avlodni texnik va amaliy sport turlariga jalb qilish mumkin. Bundan tashqari, rallini bahslarini tashkillashtirish orqali turizm sohasida faoliyat olib boruvchi korxonalarni va xizmatlar sohasini yanada rivojlantirishimiz mumkin.
Har bir tuman markazlarida aholi dam olishi uchun istirohat bog‘lari tashkil qilingan. Biroq, ularda xizmatlar sohasi yaxshi rivojlantirilmagan. Natijada istirohat bog‘lari to‘liq quvvatda va ko‘zlangan maqsadlarga xizmat qilmayapti. Shu maqsadda ushbu istirohat bog‘larida xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish zarur.
Albatta, viloyatda xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu ishlarni yanada rivojlantirish viloyat iqtisodiyotining yuksalishi, eng e’tiborlisi yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi.
Zulfiya Tuyeva,
O‘zXDP Buxoro viloyati kengashi raisi
Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.
O‘zA