English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xirmon to‘lib to‘kildi don
17:04 / 2023-06-14

Surxondaryo viloyati g‘allakorlari mamlakatimizda birinchi bo‘lib, tovar don topshirish rejasini ortig‘i bilan bajardi. Bu haqda O‘zAga viloyat hokimligining matbuot xizmati ma’lum qildi.

Xabarda ta’kidlanishicha, viloyat mirishkorlari qishloq xo‘jaligi uchun ob-havo noqulay kelgan bu yilgi sharoitda 89,3 ming gektar maydonda mahalliy iqlimga mos, ertapishar g‘alla navlarini parvarishlab, mo‘l hosil yetishtirdi.  

Pishib yetilgan hosilni isrof qilmay, tez kunlarda yig‘ishtirib olish uchun 141 o‘rim-yig‘im otryadi tashkil etib, 283 zamonaviy kombayn va yetarli don tashiydigan texnika vositalari jalb etildi. G‘allakorlar erishgan dastlabki yutuqqa Angor tumanidagi “Saidnosirxon”, “Ikki do‘st Surxon-Angor”, Termiz tumanidagi “Namuna Qahramon gavhari”, “Sherzod Salavot”, Denov tumanidagi “Bog‘bon”, “Bilol Mirzo”, Sho‘rchi tumanidagi “Shavkat Abdurahmonov”, “Iqbol-1”, Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Nurli Diyor Oqoltini”, “Surxon Sabosi” kabi ilg‘or fermer xo‘jaliklari katta hissa qo‘shib, har gektar maydondan 95-100 sentnerdan sara don yig‘ib oldi.  

Shu kungacha qabul shoxobchalariga 209 ming 185 tonna tovar don topshirgan mirishkorlar shartnomaviy rejani 101,1 foizga bajardi. Bu yil viloyat g‘allakorlari gektarlar hosildorligini o‘rtacha 76,6 sentnerga yetkazib, mavjud maydonlardan 695 ming 500 tonna sara don olishni  mo‘ljallamoqda. Viloyatda g‘alla o‘rim-yig‘imi qizg‘in davom etmoqda.  

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA