Farg‘ona vodiysini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi, Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida joylashgan “To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi” korxonasida Prezident tashabbusi bilan e’lon qilingan “Yashil makon” va “Yashil belbog‘” umummilliy loyihalari doirasida bir qator xayrli ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, davlatimiz rahbarining 2024 yil 29 yanvarda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bergan topshirig‘i ijrosini ta’minlash maqsadida stansiya atrofida “yashil belbog‘” tizimi hududini yanada kengaytirish uchun ajratib berilgan besh gektar maydonga bodomzor bunyod qilindi. Bog‘ning atrofini akatsiya daraxti ko‘chatlari bilan o‘rab chiqilib, 6,2 ming tupdan ziyod yosh ko‘chatlar ekildi. Daraxt ko‘chatlarini o‘tqazish bilan bir qatorda, ularni tomchilatib sug‘orish tizimi ham yo‘lga qo‘yilgan.
Shuni ta’kidlash lozimki, hozirda o‘tgan mavsumlarda ekilgan o‘rik, olma, nok singari mevali daraxtlar hosil bera boshladi.
– Bizning stansiyamiz atrofida yosh ko‘chatlarni parvarishlash, ishlov berish va sug‘orish, shuningdek, hududlarni tozalash hamda obodonlashtirish ishlari tizimli ravishda sexlar kesimida bajarib kelinmoqda, – deydi “To‘raqo‘rg‘on IES” korxonasining ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i Sodiqjon Jo‘rayev. – Joriy qilingan ushbu tizim o‘z ijobiy natijasini bermoqda. Shu yil kech kuz mavsumida dastur doirasida biz qo‘shimcha ravishda besh gektar bo‘sh yer maydoniga yana 4,6 ming tup mevali va manzarali ko‘chatlar ekishni rejalashtirganmiz.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA