
Davlatimiz rahbarining joriy yil 21 martdagi “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan Orolbo‘yida yurtimizda mehr-oqibat, o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan xayriya tadbirlari tashkil etilmoqda.
Taxtako‘pir tumani “Taxtako‘pir” shaharcha fuqarolar yig‘inida “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan iftorlik dasturxoni yozilib, unga mahalladagi ro‘zadorlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj “Temir daftar”, “Ayollar daftari” da ro‘yxatda turuvchi oilalar taklif etildi.

Tadbirda tuman hokimi o‘rinbosari Sh.Bekturg‘anov, tuman Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i M.Sherbekovlar yig‘ilganlarni Ramazon oyi bilan tabriklab, bu qutlug‘ oy davomida amalga oshirilayotgan xayrli ishlarga to‘xtaldi.

Iftorlik dasturxoni yakunida yoshi ulug‘ otaxonu-onaxonlar yurtimiz tinchligi va xalqimiz omonligi bardavom bo‘lishini so‘rab, duo qildi.
Muborak Ramazon oyi munosabati bilan shahar va tumanlarda xayriya tadbirlari davom etmoqda.
Dovud ABIBULLAEV,
O‘zA muxbiri