
Farg‘onaning barcha hududlarida qoidabuzarliklarni qayd etuvchi foto va video moslamalar ishga tushadi. 2022-2026 yillar davomida respublika hududida amalga oshirilishi mo‘ljallangan “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturi asosida Farg‘ona viloyatida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Viloyat avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan o‘tgan yilda 266 dona yangi yo‘l belgilari o‘rnatilib, 2 ming 404 ta yaroqsiz holga kelgan yo‘l belgilari almashtirildi. Umumta’lim maktablari oldida tezlikni cheklovchi 160 dona yo‘l belgilari, 156 ta yo‘naltiruvchi va masofa ko‘rsatuvchi yo‘l ko‘rsatkichlari o‘rnatildi. 8,65 kilometr masofada aholi punktlarida yo‘llarni sun’iy yoritish tizimlari o‘rnatilib, 8 kilometr aholi punktlarida piyodalar yo‘lagi, 9,4 kilometr masofada aholi punktlarida velosiped yo‘laklari qurildi. Shuningdek, 5 kilometr masofada aholi punktlaridagi kesib o‘tish belgilanmagan joylarda yo‘lning qatnov qismini piyodalar harakatidan cheklovchi vositalar (panjaralar) qurilib, 8 kilometr qarama-qarshi yo‘nalishlarni ajratib turuvchi to‘siq va temir to‘siqlar o‘rnatildi. Bundan tashqari, 1 ta chorrahani geometrik parametrlarini o‘zgartirish yo‘li bilan ularning o‘tkazuvchanlik qobiliyati oshirilib, avtomobil yo‘llari va ko‘chalariga qoidabuzarliklarni qayd etuvchi 10 dona kameralar o‘rnatilgan.

“Avtomobil yo‘llaridan foydalanish va texnik holatini tahlil qilish markazi” unitar korxonasi bilan hamkorlikda yagona elektron xarita yaratilib, xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘llaridagi 344 dona yo‘l belgilari xaritaga kiritilgan. Viloyat IIB YHHB maxsus ekspluatatsiya-montaj bo‘limi tomonidan 6 dona yangi svetofor ob’ektlari va 3 ta yangi piyodalar svetofori qurilib, 10 ta svetofor ob’ektlari rekonstruksiya, 10 ta piyodalar svetofori ob’ektlari rekonstruksiya qilindi. Tumanlar markaziga kirish joylariga qoidabuzarliklarni qayd etuvchi 10 ta foto va video moslamalari (kameralar) o‘rnatilib, ushbu kameralarga optik tolali aloqa tarmoqlari tortildi.

Farg‘ona shahridagi chorrahalarga 22 ta hamda tumanlar markazlaridagi chorrahalarga esa 11 ta qoidabuzarliklarni qayd etuvchi foto va video moslamalari (kameralar) o‘rnatilib, optik tolali aloqa tarmoqlari tortildi.
M.Sulaymonov,
O‘zA