English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro kuzatuvchilar gazeta tahririyatida bo‘ldi
09:53 / 2024-10-06

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi uzoq muddatli kuzatuvchilari Xaynek Kristian Oliver hamda Erdenebat Sengel Surxondaryo viloyatidagi “Surxon tongi” va “Zarya Surxana” gazetalari birlashgan tahririyatida bo‘lib, saylovoldi deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalarning targ‘ibot-tashviqot ishlari uchun yaratilgan imkoniyatlar, ommaviy axborot vositalarida muhim siyosiy kampaniyani yoritish jarayonlari bilan qiziqdi.

Ayni kunlarda uzoq muddatli kuzatuvchilar janubdagi vohada joriy yilning 27 oktyabr kuni mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar sayloviga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari bilan yaqindan tanishmoqda.  

Uchrashuvda gazeta bosh muharriri Salohiddin Norqobilov yangilangan saylov qonunchiligi asosida tashkil etilayotgan muhim kampaniyada siyosiy partiyalarning saylovoldi targ‘ibot-tashviqot ishlarini yoritish haqida atroflicha ma’lumot berdi. Saylovoldi tashviqoti o‘tkazilayotganda deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalarga matbuot nashrlarida bepul taqdim etiladigan bir xil hajmdagi chop etish maydonidan foydalanish tartibi hamda hajmi to‘g‘risida tushuncha berdi. Saylovni ochiq, oshkora o‘tkazish va muhim siyosiy kampaniyani keng yoritish uchun viloyatda barcha qulaylik mavjudligini ta’kidladi.

Muloqot yakunida mehmonlar tahririyat jamoasiga yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Zamonaviy bosmaxonada gazetalarning chop etilishini kuzatdi.  

Xolmo‘min Mamatrayimov,  

O‘zA muxbiri