English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro hamkorlik mustahkamlanmoqda
14:45 / 2022-12-15

Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida Germaniyaning Toshkentdagi Gyote instituti vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muzeylar – yurtimiz tarixi, xalqimizning asrlar osha yashab kelayotgan qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan osori-atiqalar, noyob buyumlar bilan o‘zligimizni anglashga, o‘tmishdan ibrat olib yashashga undaydi. Shu bois ham keyingi yillarda muzeylar infratuzilmasini yaxshilash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, eng asosiysi, tashrif buyuruvchilar, ayniqsa, turistlar uchun qulay sharoitlar yaratish, muzeylarning xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.  

Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi ham keyingi yillarda kapital rekonstruksiya qilinib, atrofi obodonlashtirildi, infratuzilmasi tubdan yangilandi. Ayni paytda 120 mingga yaqin eksponat saqlanayotgan mazkur muzeyning “Jome’ me’moriy obidasi", “Bobur uy-muzeyi”, “Cho‘lpon yodgorlik muzeyi”, “Qal’a yodgorlik majmuasi” bo‘limlari hamda Paxtaobod tumanidagi “Habibiy yodgorlik muzeyi” filiali faoliyat ko‘rsatmoqda.  

[gallery-9973]

“Jome’ me’moriy obidasi" bo‘limida joylashgan adabiyot va san’at galereyasida yurtimiz tarixiga oid 20 mingdan ziyod hujjat, qo‘lyozma va turli davrlarda chop etilgan kitoblar, shuningdek, Andijon adabiy muhiti va xalq amaliy san’atiga oid noyob asarlar, buyumlar o‘rin olgan. XIV asrga oid Bobur uy-muzeyi (Ark ichi) me’moriy obidasida Zahiriddin Muhammad Bobur va boburiylar davriga, “Qal’a” me’moriy yodgorligida esa XIX asr va XX asr boshlaridagi Andijon tarixiga, Abdulhamid Cho‘lpon hamda Zokirjon Habibiy yodgorlik muzeylarida o‘zbek adabiyoti rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan ijodkorlar hayoti va faoliyatiga oid eksponatlar saqlanmoqda.  

– Muzeyga xorijiy sayyohlarni ko‘proq jalb etish, yurtimiz tarixi haqida boshqa davlatlar aholisini kengroq xabardor etish maqsadida xalqaro hamkorlik masalasiga alohida e’tibor qaratyapmiz, – deydi Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi direktori Ixtiyor Rasulov. – Qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh viloyati muzeyi bilan hamkorlikda O‘sh shahrida ko‘rgazmalarimiz namoyish etildi. Bundan tashqari, o‘tgan yili Andijonda Hindistonning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan qadimiy qo‘lyozmalar ko‘rgazmasi ham ko‘plab xorijiy sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otdi.  

Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi Germaniyaning Toshkentdagi Gyote instituti bilan 2018 yildan buyon hamkorlik qilib keladi. O‘tgan davr mobaynida xalqaro institut ko‘magida viloyat yoshlarining iqtidor va intellektual salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan qator interfaol ko‘chma ko‘rgazmalar tashkil etildi. Bundan tashqari, 2021 yilda muzey qoshida tashkil etilayotgan "Bolalar muzeyi" uchun institut tomonidan beg‘araz yordam sifatida 350 ming yevrolik ko‘rgazma jihozlari taqdim etildi.  

Muzey hamda Gyote instituti vakillari uchrashuvida hamkorlikni yanada mustahkamlash, kelgusida birgalikda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan fikr almashildi.  

Yakunda 2023 yilning sentyabr oyida Andijonda yana interfaol ko‘chma ko‘rgazma tashkil etishga kelishib olindi.  

 

F. UBAYDULLAEV,  

Z.UMRZOQOV (surat),  

O‘zA