Buxoro davlat pedagogika institutida “Turkiston taraqqiyparvarlari merosi: tarixiy tajriba va milliy o‘zlik” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
– Asosiy maqsad jadid ma’rifatparvarlarining ilmiy, amaliy faoliyatini o‘rganish, ularning ijodiy merosini targ‘ib qilishdan iborat, – deydi Buxoro davlat pedagogika instituti rektori, professor Bahodir Ma’murov. – Ushbu nufuzli anjuman barchamizni ma’naviy ogohlikka chorlab, ulug‘ ajdodlarimizning ezgu g‘oyalarini ulug‘lashga, millat ravnaqi, jamiyat farovonligi uchun kamarbasta bo‘lishga chorlaydi. O‘tmishdan saboq olgan, ajdodlari e’zozlangan yurtda erk, hurlik va ozodlik uchun kurashgan, millat taqdiri uchun jonini bergan ota-bobolarimizning bosib o‘tgan shonli yo‘li kelajak avlodlar uchun ibrat maktabidir. Xuddi shu ma’noda XIX asrning oxirlari XX asrning boshlarida Markaziy Osiyoda yuzaga kelgan jadidchilik harakati va jadid bobolarimizning ibratli umr yo‘lini, ular qoldirgan ma’naviy merosni targ‘ib qilish bugun o‘sib kelayotgan yosh avlodni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashda muhimdir.
Buxoro jadidchilik harakatining yetakchilaridan Fayzulla Xo‘jayev, Abdurauf Fitrat, Muin Sheroziy, Sadriddin Ayniy, Ahmad Donish, Iso Maxdum, Inoyat Maxdum, Yahyo Hoja, Taksin, Hayrat, Gulshaniy, Qori Abdulmajid Zufunun, Mullo Sharif Soat, Mirzo Azim Somiy, Shamsiddin Maxdum Shohin kabilar o‘z davrining taraqqiyparvar, ma’rifatparvar, ilg‘or olimlari hamda ijodkorlari bo‘lib, O‘rta Osiyoda jadidchilik harakatining paydo bo‘lishida xizmati katta.
Tilga olingan buxorolik jadidchilar birinchidan, ta’limning “usul-i-jadid” (“yangi usul”)ni joriy qildilar. Bu usul fonetik ta’limga asoslangan bo‘lib, madrasalarda (islom maktablarida) qo‘llaniladigan eski, eslab yodlash usullariga qaraganda o‘qish va yozishni tezroq va qulayroq olib borishga yo‘naltirilgan. Ular an’anaviy islom ta’limotlari bilan bir qatorda matematika, geografiya, tarix kabi dunyoviy fanlarning o‘quv dasturiga kiritilishiga urg‘u berdilar.
[gallery-19617]
– Bundan bir asr ilgari jadidlar asos solgan “Doril muallimin” deb aytilgan Buxoro davlat pedagogika institutida bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyada ishtirok etayotganimdan baxtiyorman, – deydi taniqli turkshunos olim, AQSH Michigan davlat universiteti professori Timur Xo‘jao‘g‘li. – Ta’lim dargohidagi professor-o‘qituvchilar va yoshlar bilan uchrashdim. Institutda talabalar tomonidan tayyorlangan ko‘rgazmalar meni juda ham hayratga soldi.
Bundan bir asr oldin faoliyat boshlagan mazkur institut bugun davlat rahbarining tashabbusi bilan yana dunyoga yuzlanmoqda. Hammaga ma’lumki, Buxoro tarixda zamonaviy mustaqil jumhuriyat bo‘lib, Moskva, Istanbul, Berlinga talabalarni yuborgan. Talabalar oliy ta’lim olib vataniga qaytgan. Bir qismi esa qaytib kelganda sovet tuzumi ularni hibsga olib sovuq o‘lkalarga surgun qilgan, qatl etgan.
Ularning aksariyati Turkiya va boshqa mamlakatlarda qolib, ilm olgan, olim bo‘lgan. Afsuski, Buxoro, shu jumladan, O‘zbekiston o‘zining olimlari ilmidan foydalana olmagan. Davlat rahbari tashabbusi bilan ko‘hna va boqiy Buxoroda Usmon Xo‘ja o‘g‘li (Usmonxo‘ja Po‘latxodjayev) va uning ukasi Ataulla Xo‘ja o‘g‘li yashagan hovli jadidlar merosi muzeyiga aylantirilmoqda.
Usmon Xo‘ja o‘g‘li (Usmonxo‘ja Po‘latxodjayev) 1922 yili vatani Buxoroni tark etishga majbur bo‘lgan. 1937 yilda ukasi Ataulla Xo‘ja o‘g‘li otib o‘ldirilganidan so‘ng ularning Buxorodagi uyi prokuratura va qolgan yarmi hibsxonaga aylantirilgan. Ushbu holat 1991 yil oxirigacha davom etgan.
Bu uy 1992 yili tadbirkorga sotilgan. O‘zbekiston madaniy meros agentligi tashabbusi bilan ushbu uyning hozirgi egasi bilan muzokaralar olib borildi. Nihoyat, shartnoma tuzilib, mazkur bino milliylashtirildi. Endi bu joy Usmon Xo‘ja o‘g‘lining jadidchilik uy- muzeyi, kutubxonasi va tadqiqot markazi sifatida tashkil etiladi.
Tadbirda turkshunos olim, AQSH Michigan davlat universiteti professori Temur Xo‘ja o‘g‘liga Buxoro davlat pedagogika instituti faxriy professor unvoni berildi.
Konferensiyada O‘zbekiston, Rossiya, AQSH, Qozog‘iston, Turkiya davlatlarining olimlari o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdi.
Xalqaro konferensiya shu’balarga bo‘lingan holda ishini davom ettirdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA