
Mamlakatimizda olib borilayotgan tub islohotlar va o‘zgarishlar zamirida yurt tinchligi, fuqarolar manfaati va farovonligini ta’minlash maqsadlari mujassam. Binobarin, “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir” degan konstitutsiyaviy norma asosida mamlakatimizda xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qiladigan samarali va barqaror tizim shakllanayotgani ana shu maqsadlar ro‘yobini ta’minlamoqda. Buni hududlardagi Xalq qabulxonalari faoliyatida ham ko‘rish mumkin.
Ochig‘i, fuqaro manfaatlari to‘g‘ri va munosib tarzda ta’minlanishida bu tizim asosiy ko‘prik vazifasini bajarmoqda. Fuqarolarning davlat va uning organlari tomonidan e’tiborga olinmayotgan muammolarini hal etishda muhim o‘rin tutmoqda. Shu bilan birga ularning ish uslublari takomillashyapti. Endilikda Xalq qabulxonasi faoliyatida faqat idorada o‘tirib fuqarolarni qabul qilish emas, balki joylarga chiqib sayyor qabullarni tashkil etish, sektorlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa ob’ektlarni o‘rganish orqali ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni aniqlash va hal qilish faoliyatini doimiy ravishda muvofiqlashtirib borish, davlat dasturlarini ishlab chiqish va ijrosini nazorat qilishda ishtirok etish amaliyoti keng o‘rin olayotir. Bu jarayonda nogironligi bo‘lgan shaxslar, kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga ko‘maklashishga, ularning muammolarini hal etishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Ana shu hamkorlik samarasi o‘laroq, joriy may oyiga qadar Buxoro viloyati Qorako‘l tumani Prezident virtual hamda Xalq qabulxonasiga hudud aholisi tomondan kelib tushgan murojaatlar 2633 tani tashkil qilgan. Ularning 2354 ya’ni 89 foizi ko‘rib chiqilgan. Shulardan moddiy yordam va pensiya masalalarida 345, yer munosabatlari masalalari bo‘yicha 110, bandlik masalalarida 106, yo‘l infratuzilmasi bo‘yicha 97, daftarlar asosida ijtimoiy himoya va yordam bo‘yicha 54, elektr energiyasi ta’minoti bilan bog‘liq muammolar bo‘yicha 179 , gaz ta’minotidagi muammolar bo‘yicha 61, uy-joy bilan ta’minlash masalalarida 82, aliment undirish masalasida 81, davolash va tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 48 murojaat kelib tushdi. 919 murojaat ijobiy hal etildi.
Masalan, fuqaro O‘.Imomov oilaviy yashash sharoiti og‘irligi, uy-joyida yong‘in sodir bo‘lganligi, uyi avariya holga kelib qolganligini bildirib, murojaat qildi. Aniqlanishicha, u tegishli tashkilotlardan shu masalada bir necha bor ko‘mak so‘ragan. Ammo najot bo‘lmagan. Fuqaroning murojaati bu gal Xalq qabulxonasi ishtirokida ijobiy hal etildi.
Yoki boshqa bir misol. Fuqaro U.Bozorov 2- guruh nogironligi, viloyat kasalxonalarida davolanish uchun order olish maqsadida Qorako‘l tuman tibbiyot birlashmasidan ko‘p marotaba murojaat qilib ko‘mak so‘ragan. Ammo birlashmadagi mas’ullar masalaga panja orasidan qaragan. Shundan so‘ng, fuqaro Xalq qabulxonasiga murojaat qilishga majbur bo‘ldi. Natijada tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilib, unga viloyat klinikalarida davolanishi uchun order berildi.
Joriy yil davomida joylarda tumanda “Sektor sayyor qabullari”, “Xalq bilan ochiq muloqot” “Muammo va yechim” kabi mavzularda 88 uchrashuv va sayyor qabullar o‘tkazildi. Bu tadbirlar orqali ham aholini qiynab kelayotgan muammolarga o‘z vaqtida yechim topilmoqda. Shu o‘rinda bir – ikki dalil keltirmoqchimiz.
Fuqaro A.Qodirov yashash hududidagi simyog‘ochlarni ta’mirlash, yangisini o‘rnatish yuzasidan murojaat qilgan edi. O‘rganishlar natijasida hududdagi transformator ta’mirlandi, yaroqsiz ahvoldagi simyog‘ochlar yangisiga almashtirildi. Fuqaro S.Bozorovning arizasiga ko‘ra, mahalla ichki yo‘llari ta’mirlandi.
Tabiiyki, Xalq qabulxonalarining zimmasida katta mas’uliyat turibdi. Bu mas’uliyatni chuqur his etgan holda ishlash odamlarning o‘z hayotidan rozi bo‘lib yashashi yo‘lidagi ulug‘vor ishga qo‘shilgan hissadir.
A.Oqqiyev
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qorako‘l tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri
O‘zA