Voleybol: Farg‘ona musobaqalari terma jamoani shakllantirishga xizmat qiladi

Bugun, 4 oktyabr kuni Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida voleybol bo‘yicha 2006-2007 yillarda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar o‘rtasida boshlanayotgan mamlakat chempionati aholining, ayniqsa yoshlarning quvonchiga sabab bo‘ldi.
Tumanda ilk bor o‘tkazilayotgan mazkur musobaqaning ochilish marosimi bayramga aylanib ketdi. Unda ishtirok etgan viloyat sportni rivojlantirish boshqarmasi, tuman hokimligi, voleybol federatsiyasi vakillari hamda respublikamizning 12 ta viloyatidan kelgan jamoa yoshlari mamlakat miqyosidagi chempionatlar chekka hududlarda mahalla ahli, yosh sportsevarlar guvohligida o‘tishi musobaqaga o‘zgacha joziba bag‘ishlashini ta’kidlashdi.
O‘zbekiston voleybol federatsiyasidan ma’lum qilishlaricha, kelgusi yili 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida qatnashadigan terma jamoani shakllantirishga xizmat qiladigan chempionat bahslari 8 oktyabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA