English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasida shtab tuzildi
14:10 / 2023-01-04

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga qarashli Dori vositalari sifatini nazorat qilish va standartlashtirish laboratoriyasi tomonidan “Dok-1 Max” hamda “Ambronol” dori vositalarining chuqurlashtirilgan sifat nazoratini o‘tkazish natijalariga ko‘ra normativ hujjatda ko‘rsatilgan tarkibga nomuvofiqlik aniqlangan.

Mazkur dori vositalarining ayrim seriyalarida propilenglikol moddasi o‘rniga yoki u bilan birga etilenglikol va dietilenglikol moddalari mavjudligi aniqlandi. Shu munosabat bilan vazirlik tomonidan barcha hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalari, tibbiyot birlashmalari huzurida  operativ shtablar tashkil etildi.  

“QURAMAX” MCHJ orqali chiqarilgan dori vositalaridan zarar ko‘rishi ehtimoli bo‘lgan fuqarolarni, xususan, bolalarni aniqlash va ularni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, salomatligini nazoratga olish ko‘rsatmasi berildi. Shu bilan birga barcha dorixonalarga 2022 yil O‘zbekiston Respublikasi hududiga “QURAMAX” MCHJ orqali olib kirilgan barcha dori vositalarining sotilishini to‘xtatishga ko‘rsatma berildi.  

Buxoro viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasida ham mazkur masala yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda belgilangan dori vositalarini dorixonalardan yig‘ib olish va ehtimoliy zarar ko‘rgan fuqarolarni aniqlash bo‘yicha operativ shtab tuzildi. Shtabga boshqarma boshlig‘i A.Bahronov rahbarlik qilmoqda.  

Shtab yig‘ilishida barcha a’zolarga dorixona va shifoxonalarda ko‘rilayotgan masala bo‘yicha operativ ma’lumotlar olish, ma’lumotlar bazasini shakllantirish, tibbiy ko‘riklar o‘tkazish va zarur holatlarda tibbiy yordamni tashkil etish topshiriqlari berildi.  

Viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasining “1064 – Ishonch telefoni” xizmati ham ushbu shtab bilan bog‘liq ravishda ish olib boradi.  

 

Zarif Komilov,  

O‘zA