Velosportchilarimiz Portugaliyada "Parij-2024" ballari uchun kurashmoqda

Portugaliyaning Anadiya shahrida velosportning trek yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilayotgan xalqaro musobaqada dunyoning eng kuchli sportchilari qatori mamlakatimizning 8 nafar vakili ham g‘oliblik uchun kurash olib bormoqda.
"Parij-2024" Olimpiadasi uchun qimmatli reyting ochkolarni taqdim qiladigan mazkur turnirda O‘zbekiston terma jamoasi ham ishtirok etadi.
Kecha o‘tkazilgan sprint va ochkolar bo‘yicha poygalar hamda individual dasturlardagi bahslarda Buyuk Britaniya, Kanada, Ispaniya, Fransiya, Polsha, Portugaliya, Islandiya va Norvegiya sportchilari sovrinli o‘rinlarga ega chiqdi.
Bugun va ertaga xalqaro turnirda qatnashayotgan sportchilar omnium, skretch, medison dasturlarida o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazadi.
Mazkur yo‘nalishlardagi poygalarda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Danil Yevdokimov, Aleksey Fomovskiy, Margarita Misyurina, Sofiya Karimova, Nafosat Qo‘ziyeva kabi poygachilar vatanimiz sharafini himoya qiladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA