English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vatanni sevmoq iymondandir
20:49 / 2023-02-21

Har birimiz o‘z oilamiz, tug‘ilib o‘sgan qishlog‘imiz, shahrimiz, bir so‘z bilan aytganda, Vatanimiz haqida gap ketsa, bee’tibor bo‘lolmaymiz, negaki, kindik qonimiz to‘kilgan go‘sha – ota makon, ona yurtni ardoqlash va ulug‘lash tabiatimizda mujassam. Vatanni asrab-avaylash, sevish, uni himoya qilish har bir shu aziz makon farzandining muqaddas burchi. Zero, Vatanni sevmoq iymondandir.

Dunyoda yuzaga kelgan notinchliklar, avj olayotgan qarama-qarshiliklar ana shu muqaddas burchga sadoqat mas’uliyatini oshirish barobarida har birimizni yanada ogoh va xushyor bo‘lishga undayotgandek.  

Bugun poytaxtimizdagi “Turkiston” saroyida o‘tkazilgan “Vatan manzumasi” nomli adabiy-ma’rifiy kechada yangragan Vatanni, onani, ayolni, sevgi-muhabbatni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar, taniqli shoir Mahmud Toir,  Shodmonqul Salom, Shodi Otamurod, Mansur Jumayev kabi yosh shoir va shoiralarning elu yurt, tinchlik-totuvlik,  tabiatimiz va oilaga oid she’rlari beixtiyor odamni ana shu singari o‘yga toldiradi. Shuning bilan birga fikrlash hamda mushohada  qilishga chorlaydi, ta’sirlantiradi.  Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik o‘z-o‘zidan ta’minlanmayotgani, uni qadrlash, saqash har qachongidan ham ustvor ahamiyat kasb etayotganini yanada teran anglaysiz.  

Tinchlik – eng bebaho ne’mat. Ishtirokchilarga ma’naviy ozuqa bergan kechada qatnashgan odam tinchlik va osoyishtalikni saqlash uchun butun xalq bir tanu bir jon,  ahil-inoq, Vatanga sadoqatli bo‘lishi, birlashishi, yakdil bo‘lishi lozimligini his qiladi, qalban tushunadi.

Ushbu tadbir shu nom ostida avvalroq bo‘lib o‘tgan kechaga o‘xshash tarzda tashkillashtirilgan bo‘lsa-da o‘ziga xos jihatlari bor. Ta’kidlash joiz,  bunday yangicha formatdagi tadbirlarga zarurat va ehtiyoj borligi, bu singari kechalarni doimiy o‘tkazib borish lozimligi ravshanlashmoqda.  

Xolmurod Salimov,  

jurnalist