
Tojikistonning Xo‘jand shahrida O‘zbekistonning «Vatandosh» jamoat fondi tanlovi g‘olibi bo‘lgan Sug‘d viloyati O‘zbeklar jamiyatini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tanlov chet davlatlarda faoliyat olib boruvchi o‘zbek jamoat tashkilotlari orasida o‘tkazilgandi. Dunyoning 16 davlatida faoliyat yurituvchi o‘zbek jamoat tashkilotlari orasida Sug‘d viloyati O‘zbeklar jamiyati faxrli uchinchi o‘rinni egalladi.
Mukofot va maxsus sovg‘alarni «Vatandosh»jamoat fondi raisi Odiljon Sattorov topshirdi. Sug‘d viloyati O‘zbeklar jamiyati raisi – «Sug‘d haqiqati» viloyat gazetasi bosh muharriri Farhod Jo‘rayev mukofotni qabul qilib olar ekan, yuksak qadrlash uchun minnatdorchilik bildirdi. U jamiyat ishini yanada kuchaytirish uchun choralar ko‘rilishi, bu maqsadda yangi loyihalar amalga oshirilishini izhor etdi.
«Vatandoshlar» jamiyati tomonidan Sug‘d viloyati O‘zbeklar jamiyatiga 100 nusxadan ortiq kitob, milliy cholg‘u asboblari, o‘zbek milliy kiyimlari va armug‘on idish-tovoqlar hamda zamonaviy smartfon topshirildi.
Ayni shu marosimda «Vatandosh» jamiyati tomonidan akademik Bobojon G‘afurov nomli Xo‘jand davlat dorilfununi va mazkur oliy o‘quv yurtining o‘zbek filologiyasi fakultetiga 170 nusxadan ortiq kitob topshirildi.
Mazkur jamiyat tomonidan yaqin hamkorliklari uchun akademik Bobojon G‘afurov nomli Xo‘jand davlat dorilfununi rektori, tarix fanlar doktori, professor Ayubjon Usmonzoda va Tojikiston Yozuvchilar ittifoqi Sug‘d viloyati bo‘limi raisi, Tojikiston Xalq shoiri Ahmadjon Rahmatzod «Tashakkurnoma» va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
O‘rinboy Usmon, O‘zA