English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uylar fasadiga o‘rnatilayotgan bazalt plitalarining afzalliklari nimada?– Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri bilan suhbat
14:52 / 2023-02-04

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan poytaxtimizning Chilonzor va Uchtepa tumanlariga press-tur tashkil etildi. Unda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Botir Zokirov boshchiligidagi mas’ullar, jurnalist hamda blogerlar ishtirok etdi.

 

Dastlab, Uchtepa tumanida bino fasadlariga bazalt plitalar bosqichma-bosqich o‘rnatilishi bo‘yicha amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar taqdimot qilindi. Taqdimotda qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish ko‘zda tutilmagan ob’ektlar bo‘yicha loyiha hujjatlari ekspertizadan o‘tkazilmasligi va qurilish ishlarini boshlashga ruxsat berilmasligi aytildi.

Shaharsozlik norma va qoidalarining “Qurilish issiqlik texnikasi” talablariga muvofiq, bino devorlarida issiqlik izolyatsion materiallarni uning tashqarisidan joylashtirish lozim. Bunda samarali issiqlik izolyatsion materiallaridan, masalan, bazalt plitalaridan foydalanish talab etilayotgani muhokama qilindi va uning afzalliklari haqida so‘z bordi.

Press-turda O‘zA muxbiri vazir bilan bazalt plitalarning afzalliklari, qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish ko‘zda tutilmagan ob’ektlar xususida suhbatlashdi.

– Bazalt qanday qurilish materiali? Nima uchun aynan poytaxtimizning Uchtepa va Chilonzor tumanidagi ko‘p qavatli uylar fasadiga o‘rnatilmoqda?

 Poytaxtimizning Uchtepa va Chilonzor tumanlarida qilinayotgan ishlar tajriba emas, namuna. Ushbu massivdagi 3 ta eng yomon holatdagi uyni olib, namuna sifatida modernizatsiya qilyapmiz. Aholi qisqa vaqt ichida, hali qishdan chiqmasdanoq natijasini ko‘radi. Bazalt tolali qoplama devorga o‘rnatilgach, natija 7-8 kunda sezila boshlaydi. Chunki, qoplamadan so‘ng, devorning o‘zi ham isib olishi kerak.

Bazalt bu  ekologik material. Bazalt – toshning turi bo‘lib, uni 1 ming 400-2000 darajali gazda eritib,  undan tola olinadi, keyin paxta qilinadi. Uning afzalligi issiq va sovuqni o‘tkazmasligi, o‘ziga nam olish qobiliyatining pastligi va muhimi mog‘or ham, bakteriya ham hosil qilmasligidir. Mog‘or  aslida issiqlik va sovuqlik to‘qnashgan joyda, ya’ni, namlik yuzaga kelishi natijasida paydo bo‘lishini inobatga olish zarur. Biz devorlarni izolyatsiya qilishimiz natijasida avvalo devorning o‘zi isiydi va natijada ichkari tomonda mog‘or yuzaga kelmaydi.

Bu uylar aholining xususiy mulki, unga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashishga haqqimiz yo‘q. Shuning uchun, biz namuna sifatida ko‘rsatyapmiz. Faqat Uchtepa va Chilonzorda emas, vodiyda ham bo‘ldi. Ohangaron va Chirchiqda ham bu kabi namunaviy loyihalar amalga oshirilmoqda. Ayni hozirgidek, qish davrida  aholi natijani  yaqqol sezadi va samarasi haqida albatta fikr bildiradi. Yoz oylarida ham bu jihatlar  seziladi. Havo sovutgich qurilmalariga bo‘lgan ehtiyoj uch baravarga kamayadi. Chunki bazalt qishda issiqni, yozda sovuqni yaxshi saqlash xususiyatiga ega. Bino devorlari aslida tashqaridagi shovqinni o‘ziga yutishi natijasida xona ichida 30-40 detsibel  shovqin bo‘ladi. Bazalt qoplangandan keyin bu ko‘rsatkich 15-20 detsibelga kamaydi.

Bu tanlagan hududlar  shaharning issiqlik tizimidagi eng oxirgi nuqtalardir. Shu hududdagi 50 ta uyni ajratib, o‘rtaga zamonaviy lokal qozonxona qurishni ham boshladik. U yangi stansiya bo‘ladi. Bu gazdan par ishlab chiqarib, undan elektr oladi va qolgan issiqlikni uyga yo‘naltiradi. Oddiy qozonxona o‘rnatadigan bo‘lsak, uning tannarxi bor, biz gaz yoqib, issiqlik olamiz va shunga yarasha uning tannarxi bo‘ladi. Lekin kogeneratsiyada biz oldin elektrni olib, qolgan issiqlikni aholiga beramiz. Bunda odamlarning issiqlikka bo‘lgan xarajati 30 foizga qisqaradi. Bu issiqlik boshqa energiya manbalariga qaraganda raqobatbardosh bo‘ladi. Bu hozircha reja. Loyihachilar shu kunlarda bu bo‘yicha ish olib bormoqda.

Hozirda Toshkent shahrida qancha eski uylar mavjud?

– Ayni vaqtda Toshkent shahrining o‘zida qariyb 10 mingdan ortiq eski uy bor. Endi ularda ishlash uchun resurs masalasi dolzarb bo‘ladi. So‘nggi yillarda qurilgan uylarning energiyasamadorligi ta’minlangan. Endilikda eski uylarga asosiy e’tiborni qaratamiz. Bundan 5 yil oldin bazalt ishlab chiqarish 10 ming tonnani tashkil qilgan bo‘lsa, hozirda respublikada 20 dan ortiq korxonalar tomonidan ishlab chiqarish hajmi bir necha barobarga oshirildi.

Biz hozir bu ishlarni viloyatlarda ham kengaytirishimiz lozim. Masalan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida bo‘lgani kabi. Biroq, nafaqat bazalt balki  uning boshqa analoglariga ham keng e’tibor berilmoqda. Masalan, vakuumda qilingan g‘ovakli beton qurilish materiali, kvars qumdan tayyorlangan mineral vata yoki  penopleks kabi qurilish materiallari ham bor. Ammo uni xonadonlarda qo‘llab bo‘lmaydi, chunki u yonuvchan material hisoblanadi. Buni faqat binoning sokol qismiga ishlatyapmiz, chunki u o‘zidan suv o‘tkazmaydi. 

Bazalt yerdagi namlikni o‘ziga tortishi mumkin, shu bois  uni yerdan 1 metr balandlikda o‘rnatayapmiz. Shuningdek, nam olmasligi uchun ustidan yana maxsus qoplama ham qilinmoqda. Hozirda ushbu qurilish materiali 150 ming tonna ishlab chiqarilmoqda. Yil so‘ngigacha tayyor mahsulot  yana 80-90 ming tonnaga ortadi.  Qurilish bozorida unga bo‘lgan ehtiyoj ortgani sari tadbirkorlarimizning ham uni ishlab chiqarishga bo‘lgan e’tibori kuchayib bormoqda.  Bu bozor qonuni.

Bu  kabi qurilish materiallarini ishlab chiqaruvchi korxonalar va ularni ekspluatatsiyasiga mas’ul bo‘lgan boshqaruv servis korxonalari o‘rtasida raqobat bo‘lsa, ishlar to‘g‘ri davom etadi. Bugun ana shu maqsadga qat’iy kirishganmiz. Arzon va sifatli xizmat ko‘rsatuvchini  aholining o‘zi tanlamoqda, bu ishga davlat aralashayotgani yo‘q. Hozir bu ishlarni  biz namuna qilib bersak, keyingi jarayonlar  faqat tender asosida amalga oshiriladi. Agar davlat bilan sheriklikda qilinadigan bo‘lsa, uni maxsus direksiyalar muvofiqlashtiradi.

 Biz uchun eng muhimi yuqori sifatni ta’minlash va aholiga bu ishlarni to‘g‘ri tushuntirishdan iborat. Bu yerda nafaqat mahalliy balki xorijlik ekspert mutaxassislarning fikrlarini ham inobatga olyapmiz. Masalan, chexiyalik  mutaxassis Dmitriy Mixaylov ham qurilishda energotejamkor ushbu texnologiyaning dolzarbligi va ahamiyati, umuman olganda Yevropada bu borada to‘plangan tajriba va samara haqida fikrlarini bildirdi.  Bino fasadini  tashqaridan bazalt bilan qoplash dunyoda o‘zini oqlagan amaliyot. Buni o‘rgangan holda eng sifatli mahsulotdan foydalanishimiz zarur. E’tibor qiling, mahsulotlar bizning standartda emas, dunyo standarti asosida tekshirib, qabul qilinmoqda. 

Qurilish inspeksiyasi tomonidan ushbu uylarning barcha stoyaklari, xoh u issiqlikniki bo‘lsin, xoh ichimlik suviniki bo‘lsin, birma-bir o‘rganiladi. Hamma tizimlari va tomlari  alohida o‘rganiladi. Har bir uy uchun xulosa beriladi. Har bir stoyakni raqami bo‘ladi, yerto‘la qismidagi quvurlarga ham alohida e’tibor beriladi. Bu jarayonda elektr ta’minotida ham uylarning ichki tizimini jiddiy ko‘rib chiqishimiz kerak bo‘ladi.

Anomal sovuq kunlarda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining maxsus jamg‘armasidan ko‘p qavatli uylarning kirish yo‘laklaridagi eshiklarga yopish moslamasi (dovodchik) o‘rnatildi, zaruratga ko‘ra uylarning elektr shitlari, tik quvurlari, ichki quvurlar almashtirildi. Bu loyiha energo samaradorligi bilan alohida ahamiyatga ega, chunki bu kompleks reja hisoblanadi. Uni dastlab tashxisini  qilib, bosqichma-bosqich turli yo‘nalishlarda amalga oshiramiz.

Ko‘p qavatli uylarni boshqarish sohasi to‘liq shaffof bo‘ladi. Aholi ertalab ishga ketadi, kun davomida boshqaruv tashkiloti nima ish qilganligini hatto bilmaydi ham. Shuning uchun, shaffof tizim ishga tushyaptiki, aholi nima uchun pul sarflayotganini ko‘rib tursin. Hech kim bir-birini alday olmaydi.

Mavjud uy-joy fondi mazkur energiyatejamkor qurilish materiallari bilan modernizatsiya qilinayotgan ekan, bizda bu borada tabiiy resurslar yetarlimi? Ya’ni, qurilish bozorida taqchillik yuzaga kelib, narx-navo o‘sishiga sabab bo‘lmaydimi?

 Hozirgi kunda butun dunyoda, xususan, rivojlangan davlatlarda gazobeton, bazalt armaturasi, bazalt toshi va shisha tolali issiqlik saqlovchi materiallardan foydalanilyapti. Respublikamizda ham energiyatejamkor bo‘lgan bazalt toshi, penopleks turlari va shisha tolali qurilish materiallaridan keng foydalanilmoqda.

Ushbu qurilish materiallariga bo‘lgan talab yildan-yilga oshib bormoqda. Raqamlarga e’tibor beradigan bo‘lsak, 2016 yilda mamlakatimizda 17 ming tonna issiqlik saqlovchi qurilish materiali ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2022 yilga kelib bu ko‘rsatkich 43 ming tonnani tashkil etdi. E’tiborlisi, qo‘shni davlatlarda ham ushbu mahsulotga bo‘lgan talab ortgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston davlatlariga jami 12,4 million dollarlik issiq saqlovchi qurilish materiallari eksport qilingan.

Xususan, bazalt toshidan issiqlik saqlovchi plitalarga to‘xtalsak, hozirda respublikamizda mazkur yo‘nalishda eng yirik sanoat korxonasi Jizzax viloyatida joylashgan bo‘lib, uning yillik quvvati 35 ming tonnaga teng. Tahlillarga ko‘ra, 2022 yilda Toshkent shahrida yiliga 30 ming tonna bazalt toshidan issiqlik saqlovchi plitalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona foydalanishga topshirildi.

2023–2024 yillarda bazalt toshidan issiqlik saqlovchi plitalar ishlab chiqarish bo‘yicha umumiy qiymati 63,1 million dollar bo‘lgan 3 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Loyihalar Andijon, Navoiy va Jizzax viloyatlarida amalga oshiriladi. Mazkur investitsiya loyihalari ishga tushirilgach yiliga 95 ming tonna qo‘shimcha quvvat yaratiladi.

Xususan, Andijon viloyatida “Everest Metal Grand” MCHJ tomonidan yiliga 20 ming tonna bazalt toshidan issiqlik saqlovchi plitalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, Navoiy viloyatida yillik quvvati 30 ming tonna bo‘lgan “Petrowool” MCHJ investitsiya loyihasi amalga oshirilsa, Jizzax viloyatida “Basalt Wool” MCHJ tomonidan qo‘shimcha yiliga 45 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatini yaratilish loyihasi ishga tushiriladi. Natijada korxonaning jami yillik ishlab chiqarish quvvati 80 ming tonnaga yetkaziladi.

Investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi natijasida joriy yilning o‘zida respublikada bazalt toshidan issiqlik saqlovchi plitalar ishlab chiqarish quvvati 178 ming tonnaga yetkaziladi.

Shuni ham aytish joiz, har yili aholi o‘rtacha 800 ming nafarga ko‘paymoqda. Shuningdek, har yili 650 ming bolaning yangidan bog‘chaga va maktabga chiqishini inobatga olgan holda ijtimoiy soha ob’ektlari qurilmoqda. Farzandlarimizning bu boradagi qamrovi 70 foizga yetkazilmoqda. Bu degani, elektr energiya va issiqlik ta’minotiga bo‘lgan ehtiyoj ham shunga mos ravishda o‘sib bormoqda. Hozirgi asosiy maqsadimiz, uy-joylar va boshqa ob’ektlarda energiya tejamkorlikni ta’minlashdan iborat.

10 kundan keyin xuddi shu uylarning tayyor holatini ko‘ramiz. Ayniqsa, shu yerda istiqomat qiluvchi aholi real o‘zgarishni his qiladi. Bazalt tolali qoplama nafaqat xonalardagi issiqlikni ushlab turadi, balki tashqaridagi shovqinning ovozini ham ancha pasaytiradi. 

Uylarning tomlariga o‘rnatiladigan quyosh panellari esa quyoshli kunlarda mazkur uylarni 50 foiz elektr energiyasi bilan ta’minlaydi. Yoz oylari, bahorning oxiri va kuzning boshlarida esa bu borada 70 foizdan yuqori bo‘lgan samaradorlikka erishamiz. Mazkur hudud uchun qurilayotgan lokal qozonxona esa qish qirovli kunlarda shu hududdagi uylar va ijtimoiy soha ob’ektlarini issiq suv va issiqlik energiyasi bilan ta’minlashga mo‘ljallangan.

<iframe width="1519" height="585" src="https://www.youtube.com/embed/GqKNnl9rwgo" title="Uylar fasadiga o‘rnatilayotgan bazalt plitalarining afzalliklari nimada?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

O‘zA muxbiri 

Shahnoza Mamaturopova

suhbatlashdi