English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
USAID O‘zbekistonga qiymati 410 ming dollarga teng bo‘lgan oziq-ovqat yetkazib berganini ma’lum qildi
17:23 / 2022-11-23

AQSHning Toshkentdagi elchixonasi rasmiy sayti xabar berishicha, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali qiymati 410 ming dollarga teng bo‘lgan 131 tonna oziq-ovqat yordami O‘zbekistonga yetkazib berilgan.

Keltirilgan yuk to‘yimli sabzavotlar va dukkaklilar aralashmasidan iborat bo‘lib, sog‘liqni saqlash hamda ijtimoiy himoya muassasalari va yordamga muhtoj oilalarga tarqatiladi.

– Birgalikda biz mamlakat bo‘ylab muhtojlarga oziq-ovqat yordami tarqatilishining 13-bosqichini nishonlamoqdamiz. Bu oziq-ovqat ta’minoti O‘zbekistonda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini himoya qilishning amaldagi tizimini mustahkamlaydi. U 100 ga yaqin sog‘liqni saqlash va ijtimoiy muhofaza qilish muassasalaridagi 35 mingdan ortiq kishini qamrab oladi, – dedi USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi direktori Mikaela Meredit.

Mazkur yordam 98 ta sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya muassasasiga tarqatilib, mamlakatdagi 35 ming nafar eng yordamga muhtoj fuqarolar, xususan, dori-darmonga chidamli sil kasalligi bilan og‘rigan bemorlar, uzoq muddatli parvarishlash muassasalari, mehribonlik uylari, keksalar va nogiron bolalarni parvarishlash hamda qo‘llab-quvvatlash muassasalarini qamrab oladi.

2010 yildan buyon USAIDning oziq-ovqat ko‘magini berish xalqaro hamkorlik dasturi doirasida qiymati 4 million dollardan ortiq 1425 tonna oziq-ovqat yordami O‘zbekistonga yetkazib berilgan. Beg‘araz yordam sifatida berilgan bu oziq-ovqat mahsulotlari Amerikaning notijorat tashkiloti «Resource and Ploice Exchange» tomonidan «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg‘armasi bilan hamkorlikda tarqatiladi.

O‘zbekistonga yaqinda keltirilgan bu gumanitar yordam AQSHning sog‘liqni saqlash sohasiga kiritgan 122 million AQSH dollardan ziyod uzoq muddatli sarmoyasining davomi bo‘lib, so‘nggi 20 yil mobaynida berilgan umumiy yordam qiymati 1 milliard AQSH dollaridan oshgan.

Sh.Mamaturopova, O‘zA