English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Umumta’lim maktabi uchun yangi bino
14:45 / 2022-12-07

Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani “Baqqollar” mahallasidagi 690 o‘rinli 9-sonli umumta’lim maktabining yangi binosini foydalanishga topshirildi.

Tuman hokimligi, jamoatchilik vakillari, pedagog jamoa va mahalla faollari qatnashgan tadbirda ta’lim tizimini tubdan yangilash, ertamiz egalarining munosib ta’lim-tarbiya olishlari uchun barcha sharoitlar yaratilayotgani ta’kidlandi. Albatta, mazkur umumta’lim maktabi ham ana shu e’tibor va g‘amxo‘rlik namunasi. Ayni paytda bu ta’lim maskanida 50 nafar (shundan, 15 nafari oliy, 16 nafari birinchi va ikkinchi toifali) pedagog xodim faoliyat yuritmoqda. Ta’lim maskanini 2021-2022 o‘quv yilida 56 nafar bitiruvchi tamomlagan bo‘lib, shundan 28 nafari mamlakat oliy ta’lim dargohlariga o‘qishga kirishga muvaffaq bo‘lgan. Ularning 13 nafari davlat granti asosida tahsil olmoqda.  

Sobiq bitiruvchilar orasida yigirmaga yaqini oliy ta’limga o‘zi tanlagan yo‘nalishda puxta tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘lsa, qolganlari hunar yoki savdo va xizmat ko‘rsatish tarmoqlarida o‘z o‘rnini topishga urinmoqda. Joriy o‘quv yilida ham maktabni 41 nafar yigit-qiz bitiradi.  

Yarim yildan ko‘proq davom etgan mukammal ta’mirlash va qurilish jarayonida pudrat korxonaning 150 nafarga yaqin ishchi-mutaxassisi jonbozlik ko‘rsatdi. 5 milliard 372 million so‘m mablag‘ ajratilgan loyiha doirasida inshootning fasad qismi, kommunikatsiya tarmoqlari yangilandi. Shuningdek, axborot texnologiyalari xonasi, kimyo, biologiya, fizika va boshqa fan sinf xonalari, laboratoriya, zamonaviy texnologiya xonalari barpo qilindi. O‘quv binosiga yondosh 12 x 24 metr o‘lchamdagi yangi sport zali qurildi. Ochiq sport maydonlari ham tashkil etildi. Zamonaviy texnologiya xonalarida yoshlar pazandalik, sartaroshlik, raqs, milliy kurash kabi yo‘nalishlarda mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan.  

Zarif Komilov,  

O‘zA