Umumiy ovqatlanish shoxobchalari to‘rt oy ichida 300 mlrd. so‘m soliq to‘lagan

Davlat soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, joriy yilning yanvar-aprel oylarida umumiy ovqatlanish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 19 364 ta yuridik shaxs tomonidan 300,4 mlrd. so‘m soliq to‘langan.
Shundan 50,6 mlrd. so‘mi, ya’ni 16,8 foizi 20 ta korxona hisobiga to‘g‘ri keladi. Ularning jami tovar aylanmasi 563,6 mlrd. so‘mni tashkil etgan.
Qo‘llagan soliq imtiyozlari miqdori esa 7,6 mlrd. so‘m.
Eng yirik soliq to‘lovchilar sifatida KFC va Evos restoranlar tarmog‘iga egalik qiluvchi “International Foodchain“ va ”Mac food servis“ kompaniyalari qayd etilgan bo‘lsa, keyingi o‘rinni ”Euro Asia lider service“ MCHJ egallagan.
Mazkur soliq to‘lovchilar tomonidan ta’minlangan tushumlar soliq turlari kesimida QQS – 22,5 mlrd. so‘m, foyda solig‘i – 16,4 mlrd. so‘m, JShODS – 9 mlrd. so‘m, boshqa soliqlar – 2,7 mlrd. so‘mni tashkil etadi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA