
Mamlakatimiz poytaxtida boshlangan “GEW-2022” VI Global tadbirkorlik haftaligi tadbirlari 15 dekabr kuni Samarqandda davom etdi.
“Turizm va mehmondo‘stlik sohasidagi tadbirkorlik” mavzusida o‘tkazilayotgan haftalik doirasida “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida sayyohlik sohasidagi ta’lim va tadbirkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.
“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti birinchi prorektori Jo‘liboy Eltazarov, TEAM universiteti bosh direktori Abdurasul Yusupov, mazkur ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, xorijlik mutaxassislar bugungi kunda dunyoda turizmni rivojlantirish maqsadida hayotga tatbiq etilayotgan loyihalar, shuningdek, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar, sayyohlik sohasidagi tadbirkorlik haqida ma’ruzalar qildi. Mamlakatimizda tadbirkorlikning mazkur tarmog‘ida erishilgan natijalar va kelgusidagi vazifalar tahlil etildi.
[gallery-9972]
– Mehmondo‘stlik, turizm va tadbirkorlik tushunchalari bir-biriga uyg‘un, bir-birini to‘ldiradi, – deydi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti birinchi prorektori Jo‘liboy Eltazarov. – Mehmondo‘stlik, tadbirkorliksiz turizmni tasavvur qilish qiyin. To‘g‘ri, mamlakatimizda bir necha ming yillik moddiy va ma’naviy meros mavjud va undan bahramand bo‘lish dunyoning turli mintaqalarida yashovchi kishilarning orzusi hisoblanadi. Lekin bu kishilarni yurtimizga jalb qilib, ularga bu boylikni ko‘rsatib berish va shu orqali, mamlakatimiz iqtisodiyotida turizmning rolini oshirish albatta, tadbirkorlik, ishbilarmonlikni taqozo etadi. Keyingi yillarda mamlakatimizda turizmni rivojlantirish borasidagi maqsadlar aynan shunga qaratilgan. Buning natijasida bir paytlar e’tibordan chetda bo‘lgan turizm sohasi bugun iqtisodiyotning asosiy tarmoqlaridan biriga aylanmoqda. Kelgusi yilda yurtimizga 7 million xorijiy, 12 million mahalliy sayyohni jalb qilish ko‘zda tutilgan. Bu kichik raqamlar emas, shuncha sayyohga sifatli xizmat ko‘rsatish, ularning vaqtini mazmunli o‘tkazish va muhimi iqtisodiyotda turistik xizmatlar ulushini oshirish talab etiladi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan bizning universitetimiz shu maqsadlarni amalga oshirish uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlab berishi kerak. O‘tgan o‘quv yilida universitetimizni ilk bor 123 bakalavr, 50 dan ortiq magistr mutaxassis bitirib, sohada ish boshladi. Ayni paytda talabalarimiz soni 2200 nafardan oshdi. Jumladan, 100 nafarga yaqin xorijiy davlatlar yoshlari kelib tahsil olyapti. Professor-o‘qituvchilarimizning 30 foizdan ortig‘i chet davlatlardan jalb etilgan malakali mutaxassislar. Ana shunday imkoniyatlar asosida bugun soha uchun yetuk kadrlar tayyorlayapmiz. Xorijlik mutaxassis va ekspertlar turizm sohasida ta’lim, tadbirkorlik bo‘yicha zamonaviy yondashuvlar, ilm-fan, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishning bir-biriga uzviy bog‘liqligi yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi. Tadbir doirasida forum ishtirokchilari Samarqandning turizm infratuzilmasi, ta’lim jarayonlari va tadbirkorlar faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
G‘.HASANOV,
A.ISROILOV (surat), O‘zA