
Mamlakatimizda saraton kasalligini erta aniqlash va davolash yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samarasi o‘laroq Buxoro viloyati Qorako‘l tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasiga mammografiya apparati olib kelingan.

– Yaqinda chap ko‘kragida kattalashish, og‘riq shikoyati bilan murojaat qilib kelgan 64 yoshli ayol mazkur uskuna orqali o‘tkazilgan tekshiruv natijasida chap ko‘krak saratoni kasalligiga gumon qilingan edi, – deydi Qorako‘l tumani tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Elyor Oltiyev. –Bemor Respublika radiologiya va onkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Buxoro filialiga yo‘llanma asosida yuborildi va tashxis tasdiqlandi. Tegishli muolajalar va tibbiy tekshiruvlardan so‘ng bemorning boshqa organlarida metastazlar yo‘qligiga ishonch hosil qilinib, tuman onkologi Fazliddin Saidov va viloyat onkologiya markazi xirurgi Bahrom Latipovlar tomonidan tuman sharoitida ilk bora chap sut bezini Madden usulida radikal mastoektomiyasi, limfodeseksiyasi jarrohlik amaliyoti bepul amalga oshirildi. Hozirda bemorning ahvoli qoniqarli.
Zarif Komilov,
O‘zA