English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tovarlarni noqonuniy olib kirishning g‘ayrioddiy usuli
11:21 / 2023-03-24

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Ichki ishlar vazirligi va temir yo‘l idoralari vakillari hamkorligida To‘rtko‘l tumanida o‘tkazgan tezkor tadbirda mamlakatimiz hududidan tranzit tarzida harakatlanayotgan “Xo‘jand-Volgograd” yo‘nalishidagi poyezd yo‘lovchilaridan biri yonidagi 48 dona plastik idishda jami 72 litr aroqni vagondan tashqariga uloqtirib yuborgani aniqlandi.

Tovarlarni bojsiz olib kirish me’yorlariga ko‘ra jismoniy shaxslarga 2 litrdan ko‘p bo‘lmagan alkogol mahsulotlarini olib kirishlariga ruxsat etiladi. Bundan ortiqcha alkogol mahsulotlari uchun esa belgilangan tartibda bojxona to‘lovlari undiriladi. Ammo, ayrim shaxslarni ushbu me’yor qoniqtirmayotgan ko‘rinadi.

Rejaga ko‘ra, aroq Volgogradga yetib borish uchun mo‘ljallanmagan, aksincha mo‘may daromad evaziga O‘zbekiston hududida tushirib qoldirilishi va sheriklar tushirib qoldirilgan joydan aroqlarni olib ketishi ko‘zlangan edi.

Faqatgina shu emas. Tezkor kuzatuvga olingan ushbu yo‘lovchi poyezdi “Raushan” va “Kunxo‘ja” temir yo‘l bekatlari oralig‘ida kimsasiz cho‘l bo‘ylab harakatlanayotganda poyezd kuzatuvchilar tomonidan kutilmaganda favqulodda to‘xtash tugmasi orqali to‘satdan to‘xtatiladi.  

Aslida hech qanday favqulodda holat sodir bo‘lmagan edi. Atrofda hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilgan vagon kuzatuvchilaridan biri 150 dona plastmass idishdagi 225 litr hajmdagi aroqni respublikamiz hududiga tushirib qoldirish uchun poyezdni ataylab to‘xtatgan edi. Ushbu shaxs aroqlarni vagondan tushirayotganda tezkor xodimlar tomonidan qo‘lga olindi.

Shunday qilib, mazkur holatda bojxona to‘lovlaridan qochgan holda, boz ustiga sifati kafolatlanmagan, salkam 300 litr aroqning noqonuniy olib kirilishining oldi olindi.  

“Qoraqalpog‘iston” temir yo‘l chegara bojxona postida aniqlangan holatda esa viski ichimliklarini bojxonachilar payqamasligi uchun ko‘rpa-to‘shaklar orasiga yashirilgani fosh qilindi. “Volgograd-Toshkent” yo‘nalishidagi poyezdi vagonlarini bojxona ko‘rigidan o‘tkazish davomida, yo‘lovchilardan biri yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovida ma’lum qilinmagan har biri 1 litrlik 40 shisha viskini o‘rindig‘i ostiga, shuningdek, ko‘rpa va yostiq jildlari ichiga yashirgani aniqlandi.  

Ta’kidlash joizki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan 2022 yilda va 2023 yilning o‘tgan davri mobaynida aniqlangan jami 70 ta bojxona qonun buzilishi holatida qiymati 1 milliard 164 million so‘mlik spirt va alkogolli ichimliklarning noqonuniy olib o‘tilishi hamda yashirin aylanmasiga chek qo‘yilgan.  

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Dovud ABIBULLAEV,

O‘zA muxbiri