
Bugun Toshkent shahrida “Nufuzli muhandislik ta’limi uchun ilg‘or amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim texnologiyalari” mavzusida xalqaro konferensiya ish boshladi.
AQSH, Fransiya, Shveysariya, Germaniya, Xitoy kabi yetakchi davlatlar ta’lim sohasi yirik mutaxassislari ishtirok etayotgan anjumanda “Sanoatni baholash markazlari”, “FabLab”, “FabLearn”, “STEM”, “Meta dunyo”, “Raqamli san’at”, “Ta’lim xabi” kabi amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim texnologiyalari namoyish etilmoqda.
Qayd etish kerak, yirik xalqaro tadbir ilk bor oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari hamda O‘zbekiston iqtisodiyoti va biznesi real sektori korxonalari vakillarini birlashtirdi.
[gallery-11269]
Ayni payt xorijiy ekspertlar tomonidan turli global mavzular bo‘yicha taqdimot o‘tkazilyapti. Ilg‘or ta’lim texnologiyalari nafaqat muhandislik ta’limini modernizatsiya qilish va malakali muhandis-kadrlarni innovatsion iqtisodiyotga tayyorlash, balki oliy ta’limni maktab va kasb-hunar muassasalari bilan integratsiya qilishga, shuningdek, ta’limni ishlab chiqarish bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qiladi.
Ta’kidlash joiz, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida texnologiyalar va innovatsiyalar jadal rivojlanishi bilan bog‘liq holda kelayotgan turli global muammolarga yechim topish yo‘lida dadil qadamlar tashlangan.
Mamlakatimizning ayni yo‘nalishdagi asosiy vazifalaridan biri – nafaqat hozir oldimizda turgan muammolarni aniqlash, balki ilm-fan va texnologiyalarning eng so‘nggi yutuqlaridan boxabar bo‘lish, zamonaviy muhandislik texnologiyalariga doir bilimlarni egallash, tizimli va ijodiy fikrlash ko‘nikmasiga ega yuqori malakali muhandislarni maqsadli tayyorlashni taqozo etadi.
Anjuman doirasida ertaga ham qator muhim mavzular bo‘yicha qiziqarli ma’ruza, taqdimotlar kutilyapti. O‘zAni kuzatib boring.
Behruz Xudoyberdiyev, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA