
Nurafshon shahrida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev raisligida hududga oid dolzarb bo‘lib turgan bir qator masalalar tahlil qilindi, mas’ullar hisoboti eshitildi.
Dastlab Prezidentimizning 2022 yil 10 sentyabrdagi “Dehqon xo‘jaliklari tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosi ko‘rib chiqildi. Masala bo‘yicha viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari X.Niyozov axborot berdi. Unga ko‘ra, viloyatda jami 16 ming 546 gektar maydon tarqatilishi belgilangan. Biroq, O‘rta Chirchiq, Parkent tumanlarida 60 gektardan, Yangiyo‘lda 100 gektar yer maydonlarini zaxiraga olib, dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish va aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan topshiriqlar bajarilmayotgani keskin tanqid qilindi.


Mazkur tumanlarning qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosarlariga nisbatan qat’iy intizomiy jazo hamda 3 kun muddatda muammolar bartaraf etilmasa, lavozimiga loyiqligi masalasi ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi.
Hozirgi kunda auksion savdolari yakunlangan bo‘lsa-da, Qibray tumanida 115 ta umumiy maydoni 94 gektar bo‘lgan yer maydonlariga talabgorlar aniqlanmagan. Bu boradagi ishlarni nazoratga olmagani uchun tumanning birinchi o‘rinbosari X.Bekmurodovga "hayfsan" berildi. 890 ta talabgorlarning xohish istaklari inobatga olinmasdan, belgilangan mahallalarda yer maydonlari ijara asosida auksion savdolariga chiqarilmagani uchun viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Z.Yo‘ldoshevdan tushuntirish xati olindi.

Shuningdek, lotlarga bo‘lingan 8 ming 668 gektarning 5 ming 815 gektari 64 foiz maydonda g‘oliblar aniqlangan xolos. Bu borada Bo‘stonliqda ishlar 5 foizga bajarilgani ko‘rsatilmoqda. Yuqoridagilarni inobatga olib, Bo‘stonliq tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari T.Rustamboyevga egallab turgan lavozimidan ozod etish tavsiya etildi.
Viloyatda ipoteka kreditlari asosida qurilayotgan ko‘p qavatli uy-joylarni foydalanishga topshirilishi hamda ularga ipoteka kreditlari chiqarilgani to‘g‘risida viloyat hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shukurullo Mahmudovning hisoboti tinglandi. Unda bugungi kunda viloyat bo‘ylab qurilayotgan "Yangi O‘zbekiston" massivlarida ko‘p qavatli aholi xonadonlarini qurish ishlari rejaga nisbatan 44 foizga bajarilgani qayd etilib, kechikishiga sabab, pudrat tashkilotlarining moliyaviy holati qoniqarsizligi aytildi.

Viloyatda “Yashil bog‘lar” va “Yashil jamoat parklari”ni barpo etish bo‘yicha qilinayotgan ishlar bilan ham tanishtirildi. Qayd etilishicha, hudud bo‘yicha 2022 yilda 64 gektardan ziyod yer maydonlarida “Yashil bog‘lar” barpo etish belgilangan edi. Amalda 65,8 gektar maydonda 40 ming tupga yaqin manzarali daraxtlar ekildi. Xususan, 10 ta hududda 16 mingdan ziyod manzarali daraxt ko‘chatlari ekilishi hisobiga "Yashil bog‘lar" tashkil etilmoqda. Endilikda Angren, Nurafshon shaharlari, Bekobod, Bo‘ka, Bo‘stonliq, Quyi Chirchiq, Ohangaron, Toshkent, O‘rta Chirchiq tumanlarida esa 50 gektardan ziyod yer maydonlarida “Yashil jamoat parklari” loyihasi amalga oshiriladi.
Yig‘ilishda mahalla raislari, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, xotin-qizlar faollari hamda profilaktika inspektorlarini mahallalar ko‘chalariga biriktirish tizimini joriy qilish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi tahlil qilindi va mas’ullarga zaruriy ko‘rsatmalar berildi.
A.Musayev, O‘zA