English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tomorqachilik: dasturxon to‘kin, ro‘zg‘or but
17:27 / 2023-01-16

Yerga mehr bergan dehqon uchun ona zamin o‘z xazinasini ochib beradi. Shu ma’noda ayni kunda yurtimizda aholining shaxsiy tomorqadan samarali foydalanishi uchun davlatimiz tomonidan barcha sharoit va imkoniyatlar yaratib berilmoqda.

Odamlarning yerga bo‘lgan munosabati tubdan o‘zgarib, dehqonchilikka qiziqishi kuchaydi. Chunki bugungi insonparvarlik siyosati zamirida ham aholining real daromadlarini oshirib, hayot sifatini yaxshilashdek ezgu maqsadlar turibdi.  

–Masalan, Buxoroda viloyat  fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi sa’y–harakati bilan tomorqa  xo‘jaligini rivojlantirish yuzasidan o‘tgan 2022 yil davomida ko‘lami keng ishlarga qo‘l urildi, – deydi viloyat fermer, dehqon va tomorqa yer egalari kengashi bo‘limi boshlig‘i  Ilhom Jumaniyozov. – O‘tgan besh yil davomida aholiga jami 35 mingtadan ortiq ixcham issiqxonalar qurib berilgan bo‘lsa, 2022 yilning o‘zida ulur soni 8 ming 500 taga ko‘paytirildi.  

Respublika fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvatlash jamg‘armasi Buxoro viloyati vakili Nodir Yo‘ldoshevning e’tirof etishicha, o‘tgan yili jamg‘arma resurslari hisobidan viloyatda jami 1706 nafar tomorqa egasiga 46 milliard so‘mga yaqin mablag‘ ajratildi. Shu orqali yerdan olinayotgan mahsulot sifati va salmog‘i oshirilib, bandlik muammolariga yechim topildi. Hozirgi kecha-kunduzda “Tomorqa xizmati” ma’suliyati cheklangan jamiyatlari ham o‘z faoliyatini bozorga mos ravishda tubdan o‘zgartirmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad to‘kinlik poydevorini mustahkamlashga qaratilgan.  

Aytish mumkinki, viloyat shahar va tumanlarida tashkil etilgan  aholi og‘irini yengil qiluvchi 43 ta ana shunday ma’suliyati cheklangan jamiyatlarga odamlar ishonchi kun sayin  ortib bormoqda. Chunki ular orqali tomorqa yer egalarining bir qator talab va ehtiyojlari qondirilyapti. Masalan, Jondor tumanidagi Denov mahalla fuqarolari yig‘ini hududi Denov qishlog‘ida yashovchi Bahodir Subhonov issiqxonadan bir yilda uch marta hosil ko‘tarmoqda. Shu bilan birga qahramonimiz tumandagi “Dehqon va Zamin” tomorqa xizmati  ma’suliyati cheklangan jamiyatini ham boshqarib,  odamlarning yerdan yuqori daromad olishlari uchun yaqindan turib ko‘maklashmoqda.  

–O‘tgan yili aholiga davlat tomonidan ajratilgan kreditlar hisobidan qurib bergan katta –kichik issiqxonalarimiz soni 900 tadan oshdi, – deydi jamiyat rahbari Bahodir Subhonov.  

Yugurgan hech qachon quruq qolmagan. Intilganga esa tole yordir. Tumandagi  Mustaqillik mahallasiga  qarashli Bodomzor qishlog‘ida yashovchi Sadriddin Bo‘ronov yer tilini, qishloq xo‘jaligi ilmini yaxshi biladi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, u o‘z tomorqasini xazinaga aylantirgan. bugungi kunda  fidoyi dehqon  issiqxona sharoitida bodring yetishtirib, bozorga chiqarayotganligi ortidan oilasi uchun qo‘shimcha daromad olishi barobarida bozorlar arzonligini ta’minlashga ham munosib hissa qo‘shmoqda .  

– Issiqxonamizni davlat tomonidan berilgan imtiyozli kredit evaziga barpo qildik, – deydi qahramonimiz. – Ayni kunda issiqxonada bodring mahsulotini yetishtiryapmiz. Mehnat qilgan hech qachon qolib ketmas ekan.  

Dehqonchilik hadisini olgan fidoyi tomorqa yer egalaridan yana biri tumandagi Madamboy qishlog‘ida yashovchi Dildora Maxmurovadir. Chunki u uzoq yillardan buyon  issiqxona  sharoitida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirib, Buxoro bozorlariga chiqarmoqda. Shuning ortidan xonadonning dasturxoni to‘kin, ro‘zg‘ori but bo‘lyapti.    

Viloyat fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan 2023 yil davomidagi amalga oshirilishi muhim bo‘lgan tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Hozirgi kecha-kunduzda kengash huzurida tashkil etilgan ishchi guruh tumanlarda aholining tomorqadan foydalanish bo‘yicha olib borayotgan ishlari bilan yaqindan  tanishib, o‘zining maslahat, tavsiya va ko‘rsatmalarini bermoqda.    

Xulosa shuki, mamlakatimizda  qishloq  aholisi manfaatlari yo‘lida olib borilayotgan aniq va muayyan sa’y -harakatlar o‘z samarasini bermoqda. Chunki bugun davlatimiz tomonidan birgina tomorqa yer egalari uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar xonadonlarga  fayzu baraka olib kirmoqda. Bu esa  aholi farovonligi yo‘lida qo‘yilayotgan qutlug‘ qadam bo‘lib xizmat qilmoqda.  

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri