English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tojikistonlik jurnalistlarning yurtimizga ijodiy safari davom etmoqda
17:52 / 2022-11-23

Mamlakatimizga tashrif buyurgan Tojikiston Jurnalistlar ittifoqi delegatsiyasi a’zolari Temuriylar tarixi davlat muzeyiga tashrif buyurdi.

Mehmonlar bu yerda Amir Temur va temuriylar davrida ilm-fan, maorif hamda madaniyatning yuksak darajadagi taraqqiyotini aks ettirgan noyob eksponatlar arxeologik topilma, noyob qo‘lyozma va toshbosma, numizmatika, me’moriy qoplama, tosh, shisha, sopol, metall, chinni, qurol-aslaha, kashtado‘zlik, zargarlik buyumlari, libos, yog‘och, geraldika, kartinalar, miniatyura kabi kolleksiyalar bilan yaqindan tanishdi.

Delegatsiya rahbari, Tojikiston jurnalistlar uyushmasi raisi Zinatulloh Ismoilzoda muzey dastxatlar kitobiga o‘z tilaklarini yozib qoldirdi. Uchrashuv so‘nggida muzey rahbariyati tomonidan mehmonlarga «Temuriylar tarixi davlat muzeyi durdonalari» katalogi sovg‘a qilindi.

Tojikistonlik mehmonlarning navbatdagi manzili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati bo‘ldi. Yuqori palatada Senatning tegishli qo‘mitasi raisi o‘rinbosari F. Boqiyev, senat a’zosi M. Hojimatov ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasiga rasmiy tashrifi (2021 yil 10-11 iyun) doirasida erishilgan kelishuvlar, sohaga oid qonunchilik takomillashib borayotgani haqida so‘z bordi.

Tojikiston Respublikasi teleradiokanallari rahbarlari, markaziy nashrlar bosh muharrirlari, Axborot xizmatlari vakillaridan iborat delegatsiya a’zolari Senatda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

– Joriy yilning may oyida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi hamda Tojikiston Jurnalistlari ittifoqi o‘rtasida «Hamkorlik Memorandumi» imzolangan edi, – deydi Tojikiston jurnalistlar uyushmasi raisi Z. Ismoilzoda. – Ushbu kelishuvga ko‘ra, shu yil 12-16 oktyabr kunlari bir guruh o‘zbekistonlik OAV – televideniye, radio, bosma va internet nashrlari xodimlaridan iborat ijodkorlar Tojikistonda ijodiy safarda bo‘lib qaytishgandi. Bugun esa biz O‘zbekistonga keldik. Maqsadimiz – ikki mamlakat jurnalistlarining o‘zaro tajriba almashishi ta’minlanishi, do‘stlik rishtalari yanada mustahkamlanishiga hissa qo‘shish.

Tojikistonlik jurnalistlarning yurtimizga ijodiy safari davom etmoqda. Tashrif doirasida mehmonlar O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi kabi ommaviy axborot vositalari tahririyatlarida bo‘lib, hamkasblari bilan o‘zaro tajriba almashishi ko‘zda tutilgan.

O‘zA