
Dushanbe va Pokiston energetika, transport sohalarida, jumladan, Tojikistonning Pokistondagi Karachi va Gvadar portlariga chiqish uchun hamkorlikni kengaytirishga tayyor. Bu haqda Islomobodda Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif bilan muzokaradan so‘ng ma’lum qildi.
“Biz savdo-iqtisodiy hamkorlikni, o‘zaro sarmoya kiritishni, ayniqsa, energetika va transport sohalarini yanada rivojlantirish masalasiga ustuvor ahamiyat berdik. Transport sohasida hamkorlikni kengaytirish, jumladan, Tojikistonning Karachi va Gvadar portlariga chiqishiga erishish lozimligini yana bir bor ta’kidladik”, dedi rasmiy tashrif bilan Pokistonda bo‘lib turgan Rahmon matbuot anjumanida.
Tojikiston rahbari muzokara chog‘ida sheriklikning ustuvor yo‘nalishlari qatorida yengil va oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari va dori-darmon ishlab chiqarish bo‘lishi mumkinligini qayd etdi.
“Biz ko‘p azob chekayotgan Afg‘oniston zaminida mustahkam tinchlik, barqarorlik va milliy totuvlik tiklanishidan manfaatdormiz. Shu nuqtai nazardan bu mamlakatda siyosiy va etnik kuchlarning keng ishtirokida inklyuziv hukumat yaratish zarurligi haqida fikrlashdik”, dedi Rahmon.
O‘zA