Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida joylashgan Torqabchig‘ay qishlog‘i tuman markazidan 100 kilometr uzoqlikda, tog‘ bag‘rida joylashgan.
Masofaning uzoqligi, tog‘ yo‘llari mashaqqati qishloq odamlariga tuman markaziga kelib, davlat xizmatlaridan foydalanishida birmuncha qiyinchilik tug‘diradi.
Dehqonobod tuman FHDYO hamda Davlat xizmatlari markazi xodimlari tomonidan tashkil etilgan sayyor xizmatlar natijasida Torqabchig‘ay qishlog‘i aholisining ko‘plab muammolariga ijobiy yechim topildi.
Masalan, shu qishloqlik Fazilat To‘raxonovaning turmush qurganiga 20 yildan oshgan, lekin qonuniy nikoh guvohnomasi yo‘q. Sayyor xizmatlar ko‘rsatilishi natijasida ularning nikohi qayd etilib, guvohnoma topshirildi.
– 20 yildan beri turmush o‘rtog‘im bilan shar’iy nikoh asosida yashab kelamiz, – deydi F.To‘raxonova. – U kishi cho‘ponlik qiladi, shahar markaziga borishga vaqti yo‘q. Men ro‘zg‘ordan ortib hujjat uchun borishga e’tiborsizlik qildim, mana 20 yil ham o‘tib ketibdi. Adliya xodimlarini uyimizga kelib bizga yordam beradi, deb o‘ylamagandim. Bundan minnatdormiz.
Aholining muammolarini uyma-uy o‘rganish jarayonida 16 nafar fuqaroning shaxsni tasdiqlovchi hujjati yo‘qligi hamda muddati o‘tib ketgan hujjatlar xatlovga olindi.
Shuningdek, adliya mas’ullari tomonidan qishloq aholisiga huquqiy muammolar yuzasidan tushuntirishlar berilib, qonunchilikdagi yangiliklardan xabardor qilindi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri