English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Til targ‘iboti e’tiqod darajasiga aylanmog‘i zarur
17:11 / 2023-01-01

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga qilgan Murojaatnomasida «Milliy o‘zligimizni timsoli, ma’naviyatimiz asosi bo‘lgan ona tilimizga e’tibor yanada kuchaytiriladi», deya ta’kidlashi ona tilimizga bo‘lgan e’tibor naqadar muhim ekanidan dalolatdir. Darhaqiqat, yurtimizda olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlarda o‘zbek tilini davlat tili sifatida hayotimizning ajralmas qismiga aylantirishdek maqsad turgani bugun barchaga ma’lum. Keyingi besh-olti yilda til islohoti bilan bog‘liq o‘ndan ortiq me’yoriy-huquqiy hujjatlarning qabul qilingani buning isbotidir. Bu yilgi Murojaatnoma bilan ona tilimizning qaddi yanada yuksaldi, deya g‘urur bilan aytish mumkin.

Mamlakatimizda «Inson qadri uchun» tamoyili asosida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar ko‘p millatli xalqimizning farovon hayot kechirishiga xizmat qilmoqda. Tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar davlat va nodavlat tashkilotlarida davlat tili ravnaqi masalasiga nopisandlik qilish qariyb barham topdi. Olib borilayotgan xolis til siyosati butun jamiyat hayotining barcha jabhalarini qamrab, o‘zbek tilining davlat tili sifatida qo‘llanishi amalda fuqarolarimiz faoliyatining mazmuniga aylanib bormoqda. Milliy iqtisodiyotimizni jadal rivojlantirish, uning turli tarmoqlarida izchil islohotlarni yuritishga mas’ul bo‘lgan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tizimida ham bu borada qator ishlar qilinmoqda.

Tizimda ma’naviy-ma’rifiy ishlar hamda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar samaradorligini to‘rt yo‘nalishda ko‘rsatish mumkin: birinchi yo‘nalish – vazirlik faoliyatida davlat tilini targ‘ib etishning me’yoriy-huquqiy asoslarining yaratilganligi; ikkinchi yo‘nalish – ma’naviy-ma’rifiy ishlarning tizimli tashkil etilganligi; uchinchi yo‘nalish – davlat tilini targ‘ib etish va rivojlantirish borasida yagona davlat siyosati olib borilishi va ularning amaliyotga tatbiq etilayotganligi; to‘rtinchi yo‘nalish – tizimda va respublika miqyosida davlat tilining mavqeyini oshirishga qaratilgan taklif va mulohazalar bildirilayotganligi.

Qonunlar ijrosi bilan kuchli

Ma’lumki, «Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2020 yil 20 oktyabrdagi Farmonda mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlash, o‘zbek tilini davlat tili sifatida nufuzi va mavqeyini oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish kabi qator vazifalar belgilangan. Shu munosabat bilan vazirlikda o‘zbek adabiy tilining sofligini saqlash, o‘zbek tili me’yorlari va qoidalariga rioya qilinishini nazorat qilish maqsadida «Axborot, tahlil va hujjatlarni korreksiyalash bo‘limi» tashkil etildi. Mazkur bo‘lim vazirlikda ishlab chiqiladigan barcha normativ-huquqiy hujjatlar, xatlar, ish qog‘ozlarini tahrirlash, tuzatish, matn xatoliklarining grafik va leksik jihatdan bir xilligini ta’minlash, ma’no jihatidan hamda imloviy xatolarni bartaraf etish bilan shug‘ullanadi. Belgilangan tartibga ko‘ra, vazirlikdan chiqayotgan barcha hujjatlar lingvistik ekspertizadan o‘tkaziladi. Misol tariqasida shuni keltirishimiz mumkinki, joriy yil boshidan hozirgi kungacha vazirlikka 32 mingga yaqin hujjat kirgan. 17 mingga yaqin xat, hujjat tayyorlanib, tegishli tashkilotlarga yuborilgan. Bo‘lim xodimlari tomonidan ushbu hujjatlar davlat tili me’yorlari talablari bo‘yicha ko‘rib chiqilgan.

Ma’lumki, Hukumatimizning tegishli qarori bilan 2023 yil 1 yanvardan boshlab mamlakatimizda to‘liq lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ish yuritishi nazarda tutilgan. Ya’ni barcha idora, tashkilotlar, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar, bosma va elektron ommaviy axborot vositalari lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ish yuritadi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining «Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini lingvistik ekspertizadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida» 2021 yil 29 oktyabrdagi 662-son Qaroriga ko‘ra, 2023 yil 1 yanvardan boshlab normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiquvchining tashabbusi bilan yoxud topshiriq asosida vazirlik, idoralar bilan kelishishdan oldin loyiha matni – hujjatlarning davlat tili qoida va talablariga muvofiqligini tekshirish maqsadida lingvistik ekspertizadan o‘tkazilib, o‘zbek adabiy tilining imloviy, uslubiy, leksik-grammatik, grafik va punktuatsiya qoidalariga amal qilinganligiga, atamalarning to‘g‘ri qo‘llanishi va matnda mantiqiy xatoliklarga yo‘l qo‘yilmaganligiga e’tibor berilib, mutaxassis tomonidan batafsil o‘rganib chiqiladi.

Vazirlikda bu jarayonga tayyorgarlik 2021 yil boshidan boshlangan bo‘lib, tegishli chora-tadbirlar asosida ishlar olib borilmoqda. Xususan, normativ-huquqiy hujjatlarni sifatli shakllantirish maqsadida Axborot, tahlil va hujjatlarni korreksiyalash bo‘limi xodimlari uchun «Mahorat darslari» tashkil qilindi. Mashg‘ulotda xodimlarga o‘zbek-lotin yozuvining o‘ziga xos xususiyatlari, imlo va punktuatsiya qoidalari, hujjatlarni tahrir qilish bo‘yicha o‘quv-seminarlar olib borilmoqda. Ayniqsa, mashg‘ulotlarning vazirlikda ish yuritishda qo‘llanadigan hujjatlar misolida olib borilayotganligi darslarning samaradorligini ta’minlamoqda. Masalan, ish jarayonida ayrim hujjat matnlarida qaratqich kelishigi (-ning) va tushum kelishigi (-ni)ning qo‘shimchasi bitta jumlada uch-to‘rt marta noo‘rin qo‘llanilish holatlari ko‘p uchraydi va bu esa gapning g‘alizlashuviga olib keladi.

Yana bir jihat. Ko‘pincha normativ-huquqiy hujjatlar shakllantirilayotganda hujjat tuzuvchi matnning asosiy mazmunini saqlash va boshqa sabablar tufayli jumlani o‘ta darajada kengaytirib yuboradi. Bu ham jumlaning mazmunini tushunishni murakkablashtiradi. Darslar davomida ana shunday jumlalarni ikki yoki uch qismga bo‘lib, ixchamlashtirish yo‘l-yo‘riqlari tushuntirildi. Yoki bir jumlada bo‘yicha yoxud sababli so‘zi ko‘makchi vazifasida takroriy qo‘llanadi. Bunday takroriylik, tabiiyki, uslubiy g‘alizlikka sabab bo‘ladi. Mashg‘ulotlarda, masalan, bo‘yicha so‘zi ikki-uch marta ketma-ket qo‘llangan holatlarda ulardan birini yuzasidan so‘zi bilan, sababli so‘zi takror qo‘llanganda ulardan birini uchun, bois so‘zlari bilan almashtirilsa, hujjatdagi uslubiy g‘alizlik bartaraf bo‘lishi kabilar tushuntirilmoqda.

Bundan tashqari, vazirlik va uning hududlardagi boshqarma va bo‘limlari xodimlariga mo‘ljallangan «Vazirlik tizimida o‘zbek tilida ish yuritish uchun qo‘llanma»ni elektron ko‘rinishda tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. U har chorakda vazirlik hududiy boshqarmalarining tuman bo‘limlarigacha elektron yetkaziladi. Mazkur qo‘llanmada vazirlik faoliyatida ko‘p qo‘llanadigan so‘zlar, ularning imlosi, hujjatlarda ko‘p takrorlanadigan xatoliklarga aniqlik kiritiladi, sohaviy atamalar hamda tinish belgilarining hujjatlarda ishlatilishi borasida ma’lumotlar berib boriladi. Hozirda tizim xodimlari o‘z faoliyatida qo‘llanmadan unumli foydalanib, ayrim qo‘shimchalarning yozilish qoidalari haqida kerakli bilimga ega bo‘lmoqdalar. Masalan, xato yozilish holatlari ko‘p uchraydigan tatbiq (tadbiq), mas’ul (ma’sul), mas’uliyat (ma’suliyat), yuriskonsult (yuristkonsul), ismi sharif emas (ism, familasi, otaismi) kabi so‘zlarning to‘g‘ri yozilishi ularning xato ko‘rinishlari bilan birga ko‘rsatib berilgan.

Ma’naviy makon: ma’naviy yangilanish

Har bir kasb egasi, u xoh iqtisodiyot, xoh boshqa soha vakili bo‘lsin, agar o‘zini ma’nan boyitib bormasa, ma’naviy qashshoq bo‘lib qoladi. Shu ma’noda tizim xodimlarining ma’naviy-ma’rifiy olamini boyitish, ularda umumjamoaviy maqsadlar mushtarakligini ta’minlashga yo‘naltirilgan «Bir jamoada birlashamiz!» jurnali tashkil etilgan. Ushbu elektron jurnalni tayyorlashdan yana bir maqsad – ona tilimizga kirib kelgan yangi so‘zlarning ma’nolarini kengroq tushuntirish, lotin yozuvi saboqlari, yozilishi qiyin so‘zlar bo‘yicha ma’lumotlar berib borish sanaladi. Jurnalda ma’naviy-ma’rifiy, psixologik testlar orqali xodimlarning jamoaviy ruhiyatini shakllantirish va mustahkamlash ham ko‘zda tutilgan.

Jurnal sahifalarida axloqiy tarbiya, nutq odobiga doir hikmatlar, xodimlar ijodidan namunalar ham berib boriladiki, bu jamoada xodimlarning o‘zaro mehr-oqibatli, ahil-inoq bo‘lishiga, o‘zaro hurmat ko‘nikmalarining shakllanishiga, pirovardida jamoaviy ruhiyatning ko‘tarinki, mehnat faoliyatining samarali bo‘lishiga xizmat qilmoqda.

Demoqchimizki, Murojaatnomada ta’kidlagan «ijtimoiy davlat» tushunchasining shakllantirishda bunday jipslashish, jamoa bo‘lib ishlash ruhiyatini paydo qiladi. Bu esa ma’naviy makonda har bir xodimning shaxs sifatida ijtimoiylashuvida ijobiy ma’no kasb etadi. Zero, Bahouddin Naqshbandiyning xilvatda yashashda ofat bor, insonlar orasidan o‘rin olish, ular bilan birga bo‘lishda hikmat bor, degan fikrlari jamoa bo‘lib birlashishga undaydi.

Ma’lumki, davlatimizning tegishli me’yoriy-huquqiy hujjatlarida vazirlik, idoralar va tashkilotlarda ommaviy axborot vositalari, zamonaviy elektron uskunalar hamda internet tarmog‘idan foydalangan holda o‘zbek tilidagi so‘z va iboralarning ma’nolari bo‘yicha tushunchalar berib borish, xodimlarning ma’naviy dunyosini yuksaltirish muhim vazifalar sifatida belgilangan. Shuni inobatga olib, vazirlikning kirish foyesida elektron «Ma’lumotlar oynasi» (Infokiosk) o‘rnatilgan va unda «Kun hikmati», «O‘zbek tilining izohli lug‘ati», «Kun savoli» ruknlarida ma’naviy-ma’rifiy mazmundagi hikmatlar, o‘zbek tili bo‘yicha qiziqarli ma’lumotlarni berib borish yo‘lga qo‘yilgan.

Xodimlar ushbu hikmatli so‘zlardan ma’naviy bilimlarini boyitib, oila davrasida farzandlar tarbiyasida ham unumli foydalanishmoqda. Ta’kidlash joizki, vazirlikning ushbu tashabbusi respublikamizdagi boshqa tashkilotlar faoliyatida ham tatbiq qilinmoqda.

Davlat tili targ‘iboti – davr talabi

«2020 – 2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi»da davlat tilining jamiyat hayotiga to‘liq joriy etilishini ta’minlash, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish, zamonaviy, yangi avlod o‘quv lug‘atlarini tuzish hamda ularning elektron shakllarini va sohalar bo‘yicha atamalar lug‘atini yaratish kabi vazifalar belgilangan.

Shunga muvofiq, vazirlik mutaxassislari, nufuzli oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy tadqiqot institutlarining professor-o‘qituvchilari hamkorliklarida davr ruhi va talabidan kelib chiqib, 4200 dan ortiq atamani jamlagan «Iqtisodiyot atamalarining izohli lug‘ati» hamda uning elektron shakli tayyorlandi. Lug‘atda iqtisodiy faoliyat bilan bog‘liq atamalarning ma’nolari izohlab berilgan bo‘lib, quyidagi afzalliklarga ega: QR-kod orqali elektron shaklga oson o‘tiladi; dizayni o‘ziga xos va o‘qish qulay; lingvistik ekspertizadan o‘tkazilgan; ayrim atamalarning leksikografik izohlari kengaytirib berilgan hamda izohlar sodda va ommabop.

Lug‘atning o‘ziga xos jihatlari esa: alifbodagi har bir harf uchun QR-kodning alohida qo‘yilganligi; amaliyotda qo‘llanayotgan yangi atamalarning kiritilganligi; har bir harfning mohiyatini ochib beruvchi ramz hamda iqtisodiy naqllarning qo‘llanganligida namoyon bo‘ladi. Masalan: Raqamli iqtisodiyot – iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy aloqalarni raqamli texnologiyalarni qo‘llash asosida amalga oshirish tizimi. Ba’zida u «internet iqtisodiyoti», «yangi iqtisodiyot» yoki «veb-iqtisodiyot» degan terminlar bilan ham ifodalanadi. 1995 yilda amerikalik dasturchi Nikolas Negroponte «raqamli iqtisodiyot» terminini ilk bor amaliyotga kiritdi. Hozirda bu atamani butun dunyodagi siyosatchilar, iqtisodchilar, jurnalistlar, tadbirkorlar – deyarli barcha qo‘llamoqda. 2016 yilda Butunjahon banki dunyodagi raqamli iqtisodiyotning ahvoli haqida birinchi marta ma’ruza e’lon qildi.

Frilanser – o‘zi uchun ishlaydigan mustaqil mutaxassis. Ularning o‘zi mijozni qidiradi, shuningdek, qanday ish qilish yoki qanday xizmatlarni taqdim etish to‘g‘risida o‘z xohishi va imkoniyatlariga qarab qaror qabul qiladi va o‘zi uchun qulay ish jadvalini belgilaydi. Ko‘pincha o‘z xizmatlari to‘g‘risidagi takliflarni ixtisoslashgan onlayn manbalar, gazeta reklamalari yoki internet vositalari orqali berib boradi. Ular bir vaqtning o‘zida bir yoki bir nechta mijozlar bilan ishlashlari mumkin.

Ushbu lug‘atni Vazirlik huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti professor-o‘qituvchilari hamda ekspertlar bilan hamkorlikda zaruriyatga qarab to‘ldirilib borish ko‘zda tutilgan.

Yutuqlar, taklif va tavsiyalar

O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini oshirish, o‘zbek tilini davlat tili sifatida amaliy hayotimizga keng joriy etish, o‘zbek tilining lotin alifbosini o‘rgatish va imlo qoidalarini amaliyotda keng qo‘llash bo‘yicha vazirlik faoliyatida ozmi-ko‘pmi tajribalar to‘plandi. Vazirlikda bu borada tizimli amalga oshirilayotgan ma’naviy yuksalishlar, albatta, o‘z natijasini bermoqda. Joriy yilda «Qadring baland bo‘lsin, ona tilim» respublika tanlovining «Davlat tilida ish yuritishni yo‘lga qo‘ygan eng yaxshi tizim» yo‘nalishida faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bu e’tirof vazirlik xodimlarining davlat tilida savodli ish yuritishida yanada kuchli rag‘bat bo‘ldi. Shuningdek, vazirlik «Eng namunali vazirlik va idora» respublikatanlovida ham sovrindorlar safidan joy oldi. Shu o‘rinda, aytish kerakki, yutuq va tajribalarni boshqa tashkilot, idoralar bilan o‘rtoqlashish, ayrim taklif va tavsiyalarni taqdim etish, foydadan xoli bo‘lmaydi.

Avvalambor, 2023 yil 1 yanvardan boshlab davlat va nodavlat tashkilotlari rahbar va ishchi xodimlari uchun tajribali tilshunos-o‘qituvchilarni jalb qilgan holda «Lotin yozuvi saboqlari», «Davlat tilida ish yuritish saboqlari», «O‘zbek tilining imlo qoidalari» mashg‘ulotlarini tashkil etish kerak. Bunday mahorat darslarida xodimlar o‘z faoliyatida duch keladigan muammoli holatlarni bartaraf qilishning yo‘l-yo‘riqlarini aniq tushunib oladilar.

Ikkinchidan, davlat va nodavlat tashkilotlar o‘z faoliyati doirasida tegishli uslubiy-amaliy elektron qo‘llanmalarni yaratishi lozim. Bu kabi qo‘llanmalarda aynan muayyan tizimda o‘zbek tilida ish yuritishning o‘ziga xosliklari yoritilishi, hujjatlarni rasmiylashtirishdagi muammoli holatlar bo‘yicha tavsiyalar aks etishi zarur. Ishning bu tarzda tashkil qilinishi xodimlarning o‘zbek tilida o‘zbek-lotin yozuvida ish yuritishini osonlashtiradi, ona tilimizga bo‘lgan muhabbatni mustahkamlaydi.

Uchinchidan, atamalar har bir sohada mavjud bo‘lib, ular muayyan sohaning ajralmas qismi hisoblanadi. Ish yuritishda atamadan to‘g‘ri foydalanish uchun uning ma’nosini, qanday terminologik tushunchani ifodalayotganini xodim yaxshi bilishi juda zarur. Negaki, atamaning ma’nosi yaxshi anglanmasa, undan sohaviy hujjatlarda to‘g‘ri foydalanilmaydi, xodim o‘z faoliyatida so‘zni maqsadga muvofiq qo‘llay olmaydi. Shu bois, kelgusida sohalarga oid normativ-huquqiy hujjatlarda qo‘llanadigan atamalarning ma’no nuqtai nazaridan muvofiqligini qayta ko‘rib chiqish zarur.

To‘rtinchidan, davlat va nodavlat tashkilotlarining internet saytlari va boshqa elektron uskunalarda «Kun hikmati», «Imlo qoidalari», «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» ruknlarida o‘zbek tilidagi so‘zlar ma’nolari aks etgan videoroliklarni namoyish etib borishi joiz. Bu orqali xodimlarning so‘z boyligi oshadi, ma’naviy-ma’rifiy dunyosi teranlashadi, milliy estetik malakalari shakllanadi.

Beshinchidan, davlat va nodavlat tashkilotlari o‘z sohasiga oid atamalarning izohli «cho‘ntak» lug‘atlarini tayyorlashi, ularning elektron nusxalarini tegishli internet saytlariga joylashtirib borishi kerak. Lug‘atlarning olib yurishga qulayligi xodimlarning tez-tez ularga ko‘z yugurtirib turishga sabab bo‘ladi.

Oltinchidan, Davlat test markazi tomonidan rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish darajasini aniqlash maqsadida test sinovlaridan o‘tishi belgilangan. Bizningcha, bunday sinovlardan faqat rahbar xodimlar emas, rahbar o‘rinbosarlari, departamentlar, boshqarma va bo‘limlar boshliqlari lavozimiga tayinlanayotgan nomzodlar ham o‘tib turishi maqsadga muvofiq. Negaki, tashkilotda tayyorlanayotgan hujjat dastlabki bosqichda bo‘lim, boshqarma va departamentlar boshliqlari, keyingi bosqichda rahbar o‘rinbosari nazaridan o‘tadi. Davlat tilida savodli ish yuritishga layoqatli rahbargina qo‘l ostidagi xodimdan savodli ish yuritishini talab qila oladi.

Yettinchidan, yuqori turuvchi tashkilot o‘ziga bo‘ysunuvchi quyi bo‘g‘indan faqat o‘zbek-lotin alifbosida yozilgan hisobot va hujjatlarni talab qilishi ham milliy yozuvimiz nufuzining oshishiga va yaxshi targ‘ibotiga sabab bo‘ladi. Davlat tilini keng joriy etish, o‘zbek-lotin alifbosidan xodimlarning yalpi foydalanishiga erishishda talabni bo‘shashtirmaslik lozim. Chunki, talab zaruriyatni keltirib chiqaradi. Bizga bu suv va havodek zarur. Afsuski, o‘tgan yillar davomida davlat tilida savodli ish yuritishni ham, o‘zbek-lotin alifbosida yozishni ham hayotiy zaruriyatga aylantira olmadik.

Sakkizinchidan, davlat va nodavlat tashkilotlarida favqulodda vaziyatlar paytida jamoatchilikka taqdim etiladigan ma’lumotlarning surdotarjimasi bilan birga berilishini yo‘lga qo‘yish kerak bo‘ladi. Shuningdek, eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan shaxslarning davlat xizmatlaridan erkin foydalanish imkoniyatlarini yaratish maqsadida, zaruratga qarab shartnoma asosida surdo tarjimonlar yoki onlayn surdotarjima xizmatlarini ko‘rsatuvchi mutaxassislarni jalb etishga harakat qilish lozim.

Xulosa qilib aytganda, Murojaatnomada ta’kidlangan «ijtimoiy davlat» ma’rifatli jamiyat asosiga qurilar ekan, uning tag zamini hisoblangan ona tilimiz qadri va targ‘iboti har bir shaxs, har bir jamoa hamda jamiyat uchun e’tiqod darajasiga aylanmog‘i zarur.

Obiddin Mahmudov,

Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha vazir maslahatchisi.

Yorqinjon Odilov,

filologiya fanlari doktori, professor.

O‘zA