
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali rahbariyati tashabbusi bilan bir guruh filial mas’ul xodimlari davolanayotgan bolalarni bayram bilan tabriklashdi.
Tabrik davomida ularga eng ezgu va samimiy tilaklar bildirildi. Tadbir qatnashchilari bo‘lgan bolalar tomonidan tashrif buyurgan mehmonlar uchun yangi yil, qorbobo, qorqiz va qish fasliga atalgan qo‘shiqlar, raqslar namoyish qilinib, jo‘shqin she’rlar aytib berildi.
Barcha tadbir ishtirokchilari bayram shukuhini birgalikda his qildilar. Shuningdek, bolalarga filial rahbariyati tomonidan olib borilgan sovg‘a-salomlar tarqatilib, murg‘ak ko‘ngillarga shodlik ulashildi.
Shunday shodiyonali kunda oilasi bag‘ridan olisda bo‘lgan bolajonlar bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikdan xursand bo‘ldi. Bolalarga quvonch ulashgan Qorboboga va ushbu xayrli tadbir tashabbuskorlariga bemorlarning yaqinlari minnatdorchilik bildirdi
Shuningdek, Buxoro shahar hokimi Jamol Nosirov har yilgi an’anaga asosan Buxoro shahridagi qator tibbiyot muassasalarida bo‘lib, davolanayotgan bemorlar hamda bayramni nishonlayotgan tibbiy xodimlarini Yangi yil bayrami bilan qutladi.
Dastlabki yo‘qlov Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialidan boshlandi. Jarayonda shahar hokimi hozirda davolanayotgan bemorlar holidan xabar oldi. Ular bilan muloqoti davomida tezroq tuzalishlarini, yangi yil yurtimiz va xalqimiz uchun omadli kelishini tiladi. Barchani qutlab, bayram sovg‘alarini ulashdi.

Shuningdek, viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Amrillo Nazarov ham bayram kunlarida o‘z xizmat vazifalarini sadoqat bilan bajarayotgan barcha tibbiyot xodimlarini bayram bilan tabrikladi va bayram sovg‘alarini ulashdi.
Zarif Komilov, O‘zA