
Vazirlar Mahkamasi “Tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazishda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning analoglari, prekursorlar, kuchli ta’sir qiluvchi moddalar hamda valyuta namunalarini ekspress tekshirish jarayonida texnik vositalardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” qaror qabul qildi.
Mazkur Nizomda: tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazish jarayonida giyohvandlik vositalari va valyuta namunalarini ekspress tekshirish uchun texnik vositalardan foydalanish tartibi;
giyohvandlik vositalari va valyuta namunalarini ekspress tekshirishda texnik vositalardan foydalaniladigan holatlar va mazkur vositalar orqali o‘tkazilgan tekshiruvlarni rasmiylashtirish tartibi;
giyohvandlik vositalari va valyuta namunalarini tekshirishda qo‘llaniladigan ekspress texnik vositalarni mas’ul xodimga biriktirish va ushbu vositalarni saqlash tartibi alohida belgilab berilgan.
2023 yil 1 iyuldan boshlab, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar:
giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq holatni qayd etishda aniqlangan modda (buyum)ning giyohvand vositasiga taalluqli ekanligiga shubha paydo bo‘lganda;
aniqlangan modda (buyum)ni giyohvandlik vositalarining qaysi turiga mansubligi bo‘yicha savol tug‘ilganda;
giyohvandlik vositalarining yangi turlari aniqlanganda;
tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazishda aniqlangan valyuta namunasi qalbaki ekanligiga shubha paydo bo‘lganda;
tezkor-qidiruv tadbirlari davomiyligini ta’minlash zarurati yuzaga kelganda, tezkorlikni amalga oshirish hamda tegishli vaqtni tejash maqsadida mazkur modda (buyum) yoki valyuta namunalarini ular aniqlangan joyning o‘zida yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar binosida ekspress tekshirish texnik vositalari yordamida tekshiradi.
O‘zA