Tennischilarimiz xalqaro turnir g‘olibiga aylandi
Qirg‘izistonda yoshlar o‘rtasida tennis bo‘yicha J60 tasnifiga kiruvchi «ISSYK-KUL SUMMER – 2024» xalqaro turnirining yakkalik va juftlik bahslarida sportchilarimiz g‘olib bo‘ldi.
Musobaqaning yarim finalida Abdulaziz Usmonjonov qozog‘istonlik Nikita Nikolenkoga qarshi kortga chiqib, 6:2, 7:5 hisobida zafar quchgan bo‘lsa, afsuski, yosh tennischimiz Suhrob Saidov qozog‘istonlik Erasil Baxtiyarga 5:7, 0:6 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Shu tariqa, Abdulaziz va Erasil finalda o‘zaro raqobatlashdi. Ular o‘rtasidagi bahsda tennischimiz katta ustunlikka erishdi hamda 6:1, 6:3 hisobida g‘alaba qozonib, bosh sovrin sohibiga aylandi.
Juftlik bahslarida esa Suhrob Saidov va Ahmadjon Toshmuhammedov o‘zaro tandem hosil qilib, final bosqichida ukrainalik Grigori Kartavenko va qozog‘istonlik Nikita Nikolenko ustidan 6:4, 3:6 va 10:7 hisobida ustun keldi hamda musobaqa g‘olibiga aylandi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA