
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning hududlarga tashrifi eng avvalo, xalqimiz farovonligi va turmush darajasini yuksaltirish, shahar va tumanlarning mavjud resurs va imkoniyatlaridan samarali foydalanish orqali iqtisodiyot hamda infratuzilmani rivojlantirish, bir so‘z bilan aytganda inson qadrini ulug‘lashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimiz 2021 yil 18-19 fevral hamda 27 sentyabr kunlari Namanganga tashriflari chog‘ida ko‘plab istiqbolli loyihalar bilan tanishib, viloyatda olib borilayotgan qurilish-bunyodkorlik ishlari ko‘lamini kengaytirish, tadbirkorlik, sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va servis sohalarini jadal rivojlantirish, aholi uchun munosib yashash sharoitini yaratish yuzasidan muhim vazifalarni belgilab bergan edi. O‘tgan davr mobaynida mazkur topshiriqlar asosida ishlab chiqilgan dastur va rejalar ijrosi doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasida Namangan viloyati sanoat, tadbirkorlik, ta’lim va madaniyat sohalarida o‘z o‘rnini topdi. Bu mamlakatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida ham alohida e’tirof etildi.
Ta’kidlash joizki, Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlar natijasida o‘tgan 2022 yil yakuni bilan yalpi hududiy mahsulot 41,1 trillion so‘mni tashkil etib, 6,6 foizga o‘sishi ta’minlandi. Jumladan, 18,2 trillion so‘m sanoat va 27,7 trillion so‘m qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarilib, 14,7 trillion so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilgan. Pudrat ishlari 6,8 trillion so‘m hamda chakana savdo aylanmasi 19,7 trillion so‘mni tashkil etdi. Ushbu maqsadli ko‘rsatkichlarga erishishda 4 ming 108 ta yangi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ekti tashkil qilindi. Viloyatda ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish maqsadida 53 ming 817 nafar aholiga 2,3 trillion so‘m hamda 8 ming 212 ta tadbirkorlik sub’ektiga 3,8 trillion so‘m, jami 6,1 trillion so‘m kredit mablag‘lari ajratildi. Shundan, aholini tadbirkorlikka jalb etish uchun oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 20 ming 174 kishiga 470 milliard so‘m kredit yo‘naltirilgani tufayli 22 ming 132 ta ish o‘rni yaratildi. Bu borada “Namangan tajribasi” sifatida shahar va tumanlarda tashkil etilgan 72 ta yangi kichik sanoat zonasi muhim ahamiyat kasb etdi. bugungi kunga qadar ushbu sanoat hududlarida umumiy qiymati 4 trillion so‘mlik 619 ta loyiha faoliyat boshlab, 34 ming nafardan ziyod kishi ish bo‘ldi.
– Yurtimizda qulay investitsiya muhitini yaratish, xususiy mulk egalarining qonuniy manfaatlarini himoya qilish va har jihatdan rag‘batlantirishga qaratilgan tizimli islohotlar natijasida biz tadbirkorlarni emin-erkin ishlaydigan davrimiz keldi, – deydi kosonsoylik yosh ishbilarmon, "Barkas teks group” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni sohibi, O‘zLiDeP faoli Anvar Abdulxayev. – Tumandagi Yoshlik mahallasida barpo qilinayotgan “Namuna” kichik sanoat zonasida 1 ming 800 dan ziyod ish o‘rniga mo‘ljallangan, qiymati 62,6 milliard so‘mga teng ip-kalava va momiq sochiqlar ishlab chiqarish korxonamizning birinchi navbati ish boshladi. Bu 600 ta ish o‘rni yaratish imkonini berdi. Bularning barchasi tadbirkorlar uchun yaratilgan imkoniyatlarning amaldagi samarasidir.
Darhaqiqat, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga yetarli sharoitlar yaratish maqsadida Namangan viloyatida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar samara bera boshladi. Hududiy investitsiya dasturlari doirasida qiymati 6 trillion so‘mlik 1 ming 276 ta loyiha ishga tushirilib, 34 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Jumladan, sanoat sohasida 3 trillion so‘mlik 480 ta loyiha asosida 26 ming 300 kishi, xizmat ko‘rsatish sohasida 2,3 trillion so‘mlik 545 ta loyihaga ko‘ra 6 ming 400 kishi, qishloq xo‘jaligida 759 milliard so‘mlik 251 ta loyiha doirasida 2 ming 300 kishining bandligi ta’minlandi.
Viloyatga xorijiy investitsiyani jalb etish doimiy e’tiborda. O‘tgan 2022 yilda Xitoy, Turkiya, Buyuk Britaniya, Germaniya va Rossiya kabi o‘nlab davlatlar bilan hamkorlik qilinib, 383,7 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kredit mablag‘lari jalb qilindi. Agrar sohadagi salmoqli yutuqlardan biri sifatida jahon bozoriga namanganlik tadbirkorlar tomonidan 491 million dollarlik sanoat va 84 million dollarlik meva-sabzavot, jami 575 million dollarlik mahsulotlar eksport qilinganini e’tirof etish joiz. Bunda viloyatdagi 465 ta eksportyor korxonalarning faoliyati muhim ahamiyat kasb etmoqda. 51 davlatga shundan, ilk bor Ispaniya, Niderlandiya, Kanada va Gongkong davlatlari bozorlariga 85 turdagi sanoat va meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilindi.
Davlatimiz rahbarining yaqin besh yillikka mo‘ljallangan dasturida Namangan viloyatida 400 mingta yangi ish o‘rni yaratish, aholi daromadini kamida ikki baravarga oshirib, kambag‘allikni ikki baravarga qisqartirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Shu ma’noda, 2022 yil 1 yanvar holatiga viloyatda 1 million 591 ming nafar mehnatga layoqatli fuqaro bo‘lib, shundan ishsizlik darajasi 9,7 foizga to‘g‘ri kelgan. Dastur ijrosi doirasida olib borilgan amaliy ishlar natijasida yil yakuni bilan 624 ming 350 kishining bandligi ta’minlandi. Prezidentimiz tashabbusi bilan ekin yer maydonlaridan ishsiz, mehnat migrantlari va maxsus ijtimoiy daftarlarga kiritilgan ehtiyojmand fuqarolarga ijara asosida 7 ming 770 gektar yer maydonlari ajratilgani ham 58 ming 638 kishining bandligini ta’minladi. Dastur ijrosini ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlar natijasida viloyatda ishsizlik darajasi 9,7 foizdan 8,6 foizga kamaytirildi.
[gallery-10447]
Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, yashash farovonligini oshirish masalasi ham doimiy nazoratda. Inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning muammolarini tizimli hal etishga qaratilgan maxsus daftarlarga 94,6 milliard so‘m yo‘naltirilgani bunga yaqqol misoldir. “Temir daftar” ga kiritilgan 4 ming 812 oilaga “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 36,1 milliard so‘mlik yordam ko‘rsatildi. Ishsiz 4 mingdan ortiq fuqaroning bandligi ta’minlandi. Natijada 4 ming 374 oila “Temir daftar” dan chiqarildi. Viloyatda “Ayollar daftari” ning uchinchi bosqichiga ijtimoiy himoyaga muhtoj, ehtiyojmand 53 ming 571 nafar xotin-qiz kiritilib, ularning barchasiga turli yordamlar ko‘rsatildi, muammolari hal etildi. “Yoshlar daftari” ga ijtimoiy-iqtisodiy yordamga muhtoj bo‘lgan 19 ming 679 o‘g‘il-qiz kiritilib, ularga 23,8 milliard so‘mlik yordam ko‘rsatildi va 18 ming 414 nafari daftardan chiqarildi. Mahallalarda 1 ming 312 ta loyiha amalga oshirildi. 1 trillion 400 milliard so‘m yo‘naltirilib 1 ming 163 ta ob’ekt foydalanishga topshirildi. Ichimlik suv tizimlarini yaxshilash maqsadida 214,2 milliard so‘m mablag‘ hisobiga 897,4 kilometr tarmoq va 44 ta inshootda qurish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilgan. Viloyat aholisining ichimlik suv bilan ta’minlanganlik darajasi 77,1 foizga yetdi.
Davlatimiz rahbari Namangan shahrining Yangi Namangan tumanidagi Bunyodkor mahallasi bilan favqulodda tanishuvi chog‘ida bir qator topshiriqlarberilgan edi. Mazkur yo‘nalishda 126 milliard so‘m evaziga “Yoshlik” suv inshooti qurib foydalanishga topshirildi. Bu bilan nafaqat bunyodkorliklar balki, Yangi Namangan, Yangiqo‘rg‘on va Kosonsoy tumanlaridagi 24 ta mahallada yashovchi 43 mingdan ziyod aholi obi-hayotdan bahramand bo‘ldi.
– Viloyatda 2022 yilda barcha manbalar hisobidan 197,4 milliard so‘m mablag‘ evaziga og‘ir hududlarda 882,6 kilometr ichimlik suv tarmog‘i tortildi, 43 ta inshootda qurilish va rekonstruksiya ishlari bajarildi, – deydi “Namangan suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi Ilhomjon Sheranov. – Pirovardida 57 ta mahallada yashovchi 120 mingga yaqin aholi xonadonlariga ilk bor ichimlik suv kirib bordi, 110 mingdan ziyod iste’molchilarning ichimlik suv ta’minoti yaxshilandi. “Namangan tajribasi” asosida holati og‘ir, deb topilgan 26 ta mahallada mahalliy byudjet hisobidan 84 ta ob’ektga 41 milliard so‘m yo‘naltirilib, 230 kilometr ichimlik suv tarmog‘i tortildi, 15 ta quduq ta’mirlandi, 32,5 kilometr ichki yo‘llarga beton qoplama va 134 kilometr qattiq qoplamali shag‘al yotqizildi, 36 kilometr elektr tarmog‘i tortilib, 13 ta transformator o‘rnatildi. To‘raqo‘rg‘on tumani misolida oladigan bo‘lsak, Xo‘jand va Axsi mahallalarida yashovchi 7 ming nafardan ziyod aholi so‘ngi 20 yil deganda ilk bor toza suv bilan ta’minlandi.
Viloyatda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 28 ta mahallaning arxitektura qiyofasi yangilanishi hamda obodonlashtirilishi tufayli 105 ming aholining turmush sharoiti yanada yaxshilandi. Buning uchun davlat byudjetidan 317 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi. Prezidentimizning viloyat faollari bilan o‘tkazgan yig‘ilishida berilgan topshirig‘iga asosan Davlatobod tumanidagi 350 ta ko‘p qavatli uylarning markazlashgan issiqlik tizimi qurildi va rekonstruksiya qilindi. Bu ishlarni amalga oshirish uchun “Tiklanish va taraqqiyot” jamg‘armasidan 15 million dollar hamda byudjet hisobidan 149 milliard so‘m ajratildi.
Viloyatda aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish bugungi kunda eng dolzarb masalalardan biridir. Shu nuqtai nazardan, 2022 yilning o‘zida 3219 xonadonli 76 ta ko‘p qavatli uy-joy qurib, zaruriy infratuzilma bilan ta’minlandi. Qayd etish kerakki, Respublikada ilk marotaba “Namangan tajribasi” sifatida Yangi Namangan tumanidagi Mustaqillikning besh yilligi mahallasida ikkita besh qavatli 120 xonadonga mo‘ljallangan munitsipal uylar homiylik mablag‘lari asosida barpo etilib, ehtiyojmand, yolg‘iz va ko‘makka muhtoj ayollarga berildi. Davlatimiz rahbarining yana bir muhim ko‘rsatmalaridan biri, viloyatda oliy ta’lim qamrovini oshirish, oliy o‘quv muassasalarini ko‘paytirish borasida muayyan natijaga erishildi. Oliygohlar soni 3 tadan 10 taga yetkazildi. Oliy ta’limga qamrov darajasi 27,4 foizga yetib, 2018 yilga nisbatan 18,2 foizga ortdi.
Turizm sohasida ishga solinmagan imkoniyatlardan foydalanish, sayyohlar oqimini kengaytirish borasida olib borilayotgan ishlar e’tiborga molik. 2021 yilda viloyatga 1,7 million turist tashrif buyurgan bo‘lib, ulardan 24 ming 400dan ortig‘i xorijliklar hissasiga to‘g‘i keldi. Turizm xizmatlari eksporti esa 7,6 million dollarni tashkil etdi. 2022 yilda viloyatda uchta mehmonxona, 158 ta oilaviy mehmon uyi, uchta xostel, turistik sinfga mansub oltita avtobus, 5 ta turoperator tashkil qilindi. Bu o‘z samarasini berib xorijiy davlatlardan 75 mingdan ortiq sayyohlar keldi. Gullar diyorida an’anaviy ravishda nishonlanadigan Xalqaro gullar festivalini bevosita 2 million 300 ming sayyoh kuzatdi.
Global iqlim sharoitida qishloq xo‘jaligi yer maydonlarida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish muhim masala hisoblanadi. O‘tgan 2022 yil 21 ming 166 gektar yer maydonida suvni tejaydigan texnologiyalar qo‘llanildi, buning hisobiga 63,1 million metr kub suv iqtisod qilindi, 14 ming 100 gektardan ortiq maydonlarning suv ta’minoti yaxshilandi. Bundan tashqari, viloyatda maktabgacha ta’lim, xalq ta’limi, sport, fan, sog‘liqni saqlash singari barcha ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni rivojlantirishga qaratilgan dasturlar ijrosi to‘laqonli ta’minlanmoqda.
Namangan viloyatida 2023 yilda umumiy qiymati 15 trillion so‘mlik loyihalar asosida 31,3 mingta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Joriy yilga mo‘ljallangan investitsiya dasturiga ko‘ra, umumiy qiymati 1,1 milliard dollarga teng bo‘lgan 1048 ta loyiha amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Azmi qat’iy, shijoatli namanganliklar ushbu maqsadlar ro‘yobi yo‘lida dadil qadam tashlamoqda.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.