English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’limga yo‘naltirilgan sarmoya samaralari
17:17 / 2022-10-04

Buxoro viloyatidagi 530 ta umumta’lim maktabida 321 ming nafardan ziyod o‘quvchi o‘qiydi. Ta’lim sifatida umumta’lim maktablarida yaratilgan sharoitlar, moddiy-texnik bazaning mustahkamligi muhim ahamiyat kasb etadi.

–2022 yilgi Davlat dasturlariga asosan viloyatdagi 43 ta umumta’lim maktabida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda, – deydi viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Dilfuza Mustafoyeva. – Jumladan, investitsiya dasturi doirasida 21 ta umumta’lim maktablarida qurilish, ta’mirlash ishlari olib borildi, 4 ta yangi maktab barpo etildi. 11 ta maktab rekonstruksiya qilinib, 6 tasi mukammal ta’mirlandi. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida ham 12 ta maktabda rekonstruksiya, 9 tasida mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

Vazirlar Mahkamasi Rayosat majlisining 2022 yil 15 martdagi 40-sonli bayoniga asosan Kogon tumanidagi 20-umumta’lim maktabining filiali yangidan qad rostlamoqda. Ushbu loyihalarni amalga oshirish natijasida 7 ming 566 ta yangi o‘quvchi o‘rni yaratilib, mavjud 13 ming 560 ming o‘quvchi o‘rinli bino-inshootlar mukammal ta’mirlandi. 5 ta maktab yangi zamonaviy sport zallariga ega bo‘ldi. Bu ezgu maqsadlar uchun davlat byudjetidan 191,6 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.

Ayni paytda investitsiya dasturi doirasidagi barcha ob’ektlar foydalanishga topshirilgan. Shuningdek, mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan ham 459 ta maktabning 11 ming 565 ta sinf xonalarida joriy ta’mirlash ishlari olib borildi. Buning uchun 2 milliard 311 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. 1 milliard so‘m mablag‘ hisobiga 64 ta umumta’lim maktabining hojatxonalari joriy ta’mirlandi.164 ta sinf xonalari zamonaviy maktab loyihalari asosida ta’mirlanib, jihozlandi. Ushbu maqsadlar uchun jami 3,3 milliard so‘m ajratildi. Shuningdek, umumta’lim maktablarida yaroqsiz holga kelgan, ma’nan eskirgan o‘quv partalarini yangilash maqsadida 11 ming 611 dona parta va 1 500 dona doskalar xarid qilinib, ta’lim muassasalariga yetkazildi.

[gallery-9029]

Ta’lim muassasalarida axborot texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, o‘quvchilarni “Bir million dasturchi” loyihasida ishtirok etishlari uchun qulayliklar yaratish maqsadida 91 ta maktab va 14 ta “Barkamol avlod” bolalar maktablari zamonaviy kompyuter texnikasi bilan ta’minlandi. Buning uchun mahalliy byudjetdan 10.6 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratildi. Ichimlik suvi tashib keltiriladigan 40 ta maktabga toza ichimlik suvi tortildi. Bularning 15 tasi “Zamin” xalqaro jamoat fondi, 25 tasi esa mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan amalga oshirildi. 41 ta umumta’lim maktabining atroflari o‘ralib, 120 ta maktabning issiqlik tizimi ta’mirlanmoqda.

Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonida tashqi devorlarni ta’mirlash, sinflarni jihozlash, sport zal va oshxonani tayyorlash, singan oynalarni almashtirish, hojatxonalarni sanitariya-gigiyena talablariga moslashtirish, tom qismlarini ta’mirlash, isitish tizimini mavsumga tayyorlash ishlari barcha maktablarda bosqichma-bosqich amalga oshirildi.

Ushbu ishlarni amalga oshirish maqsadida shahar va tuman xalq ta’limi bo‘limlari tomonidan qurilish mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoj shakllantirilib, mahalliy byudjet hisobidan 2 261,8 million so‘m mablag‘ ajratildi. 2022-2023 o‘quv yili va kuz-qish mavsumi uchun xalq ta’limi muassasalariga jami 9 ming 969 tonna ko‘mir mahsulotlari yetkazildi.

Moliya vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Tashabbusli byudjet” loyihasida ovoz yig‘ish orqali Buxoro viloyatidagi 150 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Unda maktab binolari va ichki isitish tizimlarini ta’mirlash, jihozlarni yangilash, mini futbol maydonchasini qurish, sinf xonalarining eshik, derazalarini almashtirish, moddiy texnik bazasini rivojlantirish kabi takliflar ilgari surilgan. Ushbu maqsadlarga davlat tomonidan 31,2 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA