English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’lim sifatini oshirish uchun imkoniyatlar yetarli
10:13 / 2023-03-19

Perezidentimiz o‘tgan yilning dekabr oyida Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida inson manfaatlarini ulug‘lash va sifatli ta’limga alohida e’tibor qaratdi.

Murojaatnomada Davlatimiz rahbari tomonidan biz pedagoglar, ayniqsa, oliy ta’lim tizimi vakillari oldiga qo‘yilgan vazifalar, ularning ijrosini ta’minlash juda muhimdir. Chunki yurtboshimiz ta’kidlaganidek, yurtimizning porloq kelajagi eng avvalo, yuksak salohiyatli yoshlarga, ularning bilim va tafakkur darajasiga bog‘liq. Shu ma’noda bugungi davr bizdan ta’lim sifatini oshirish, malakali oliy ma’lumotli pedagog kadrlar tayyorlash borasidagi ishlar samaradorligini yanada yuqori bosqichga ko‘tarishni, yanada faol mehnat qilishni taqazo etadi.  

Ayni kunda institutimizda bakalavr yo‘nalishi bo‘yicha 4 ming 650 nafar talaba, magistraturada 137 nafar magistr tahsil olmoqda. Ularga 200 nafarga yaqin professor-o‘qituvchilar ta’lim bermoqda. O‘tggan yili nstitutimiz o‘qituvchilaridan bir nafari fan doktori (DSc), 14 nafari falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini oldi. Bundan tashqari, o‘qituvchi va olimlarimiz tomonidan 4 ta darslik, 20 ta monografiya, 26 ta o‘quv va uslubiy qo‘llanma yaratildi, ilmiy ishlar doirasida 28 ta mualliflik guvohnomasi olindi. Xalqaro grantlar asosida uchta ilmiy-tadqiqot amalga oshirildi.

Yurtboshimiz murojaatnomasida belgilangan vazifalar asosida Andijon davlat chet tillari institutida amalga oshirilishi muhim vazifalar yuzasidan yo‘l xaritasi ishlab chiqildi va ijrosini ta’minlash bo‘yicha harakatlar boshlandi.  

Prezidentimiz umumta’lim maktablarida ta’lim sifatini oshirish, xususan, bitiruvchilarning biror kasbni, ikkita xorijiy tilini o‘rganib chiqishi bo‘yicha vazifalar belgilab berildi. Ana shu vazifalar ijrosini ta’minlashda oliy o‘quv yurti zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklanadi. Chunki, maktabga o‘qituvchilarni aynan oliy ta’lim muassasasi yetkazib beradi. Institutni tamomlab, maktabga ishga borgan yosh kadr qanchalik bilimdon, tashabbuskor va malakali bo‘lsa, qo‘yilgan vazifani bajarish, ijobiy natijalarga erishish imkoniyatlarimiz yanada kengayadi.  

Murojaatda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, institutda ishlab chiqilgan yo‘l xaritasida joriy yil davomida amalga oshiriladigan muhim vazifalarni rejalashtirib oldik. Unga ko‘ra, Finlyandiya, Singapur, Yaponiya singari dunyoning qator yetakchi davlatlaridagi oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlar tashkil etish, hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, yil yakuniga qadar iqtidorli talaba, o‘qituvchi va olimlarimiz tomonidan 30 ga yaqin monografiya tayyorlash, 20 dan ortiq mualliflik guvohnomsi olish, 100 dan ortiq ilmiy maqola va tezislari nashr qilish belgilandi.

Bundan tashqari, fan doktori (DSc) va falsafa doktori (PhD) dissertatsiyalari himoyalari o‘tkazish, professor, dotsent ilmiy unvonlari olgan ustozlar hisobiga institut ilmiy salohiyatini yanada ko‘tarish ko‘zda tutilgan. Innovatsion rivojlantirish agentligi tomonidan e’lon qilingan tanlovlarda ishtirok etish, milliy innovatsion loyihalarni amalga oshirish borasida ham amaliy ishlar boshlab yuborilgan. Mazkur loyihalar doirasida “Maktabgacha ta’lim, maktab, o‘rta-maxsus, professional va oliy ta’lim muassasalarida ko‘p tilli lug‘atlar oilasini yaratish”, “O‘quvchilarning tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish” bo‘yicha ishlar amalga oshirilishi belgilangan.  

Institutda ta’lim sifatini yanada yaxshilash, ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini oshirishga mas’ul rektor maslahatchisi lavozimi joriy etildi. Ushbu lavozimga muayyan tajribaga ega xorijlik mutaxassisni taklif qilganmiz. U xalqaro tajribalarni o‘rganish, institutga transformatsiya qilish, o‘qituvchilarimizga jahon standartlari asosida uslubiy tavsiyalar berish singari qator yo‘nalishlarda ish olib boradi.  

Institutimizda ta’lim sifatini yanada oshirish bo‘yicha O‘quv metodik maslahat kengashi tuzildi. Tarkibiga 27 nafar professor-o‘qituvchilar, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari va katta o‘qituvchilari kiritilgan kengash faoliyat yurita boshladi. Kengash oldiga qo‘yilgan asosiy vazifa ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, yangi avlod darslik va qo‘llanmalarni yaratishga qaratilgan ishlarni tashkil etadi.

Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, o‘qituvchi uchun eng muhim qurol bu – darslik va qo‘llanmalardir. O‘qituvchi mustahkam uslubiy ta’minotga, mustahkam bazaga ega bo‘lishi muhimdir. Qachonki, ushbu masala ijobiy hal etilsa, o‘qitish, ta’lim sifati ham ortadi.  

Institutda ta’lim sifatini oshirish, malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha quyidagi yo‘nalishlardagi ishlarni amalga oshirishni muhim, deb hisoblaymiz.  

Birinchidan, ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha maxsus ish rejasi ishlab chiqish. Xususan, institutga jalb etilgan xorijlik mutaxassisning taklif va tavsiyalaridan kelib chiqib ish tashkil etish. Ikkinchidan, o‘qituvchilarning o‘z ishiga bo‘lgan mas’uliyatini, institutni tamomlayotgan talabaning yetuk mutaxassis sifatida jamiyatga qo‘shish javobgarlligini oshirish, uchinchidan, ta’limning uzliksizligini tartibga solish uchun “Yangi avlod” darsliklarini ishlab chiqish, to‘rtinchidan institutda ta’lim sifatini oshirish uchun xorijiy tajribalarni o‘rganib, faoliyatiga keng tatbiq etish. Bunda o‘qituvchi va bitiruvchi talabalarni chet mamlakatlarga tajriba olishga yuborish masalalariga alohida e’tibor qaratilishi lozim.  

Yuqorida qayd etilgan ishlarni amalga oshirish Davlatimiz rahbari tomonidan oliy ta’lim tizimi pedagoglari oldiga qo‘yilayotgan vazifalar ijrosini ta’minlashga xizmat qiladi. Ana shu ishlarni samarali bajarish,  bilimli, malakali pedagog mutaxassislar tayyorlash, mavjud imkoniyatlardan to‘laqonli foydalanish uchun astoydil mehnat qilamiz.  

Dilshodbek RUSTAMOV,

Andijon davlat chet tillar instituti rektori

O‘zA