
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududlarida ishbilarmonlik faolligi tahlili har oyda, tezkor ma’lumotlar asosida (respublikaning barcha sohalari bo‘yicha o‘tkazilgan monitoring, Davlat bojxona qo‘mitasi, DSQ, MB va O‘zRXTB) hisoblab chiqiladi.
Monitoring natijalariga ko‘ra, joriy yilning 1 yanvaridan 30 noyabrigacha bo‘lgan davrda respublika soliq tushumlari hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 17,2 foizga oshgan.
Jumladan, Farg‘ona (34,2 foiz), Samarqand (34,0 foiz), Buxoro (32,6 foiz), Jizzax (31,7 foiz), Sirdaryo (29,6 foiz) viloyatlarida, Qoraqalpog‘iston Respublikasida (31,9 foiz) va Toshkent shahrida (42,7 foiz) soliq tushumlarining sezilarli o‘sishi qayd etildi.
Byudjetga soliq tushumlarining o‘sishi barqaror tendensiyani saqlab kelmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, joriy yilning 11 oyi davomida soliq tushumlarining o‘sishiga: qo‘shilgan qiymat solig‘i (32,6%) va aylanmadan olinadigan soliq (44,4%) katta ta’sir ko‘rsatdi. Shuningdek, yil boshidan buyon tashkilotlar tomonidan to‘langan daromad solig‘i 53,8 foizga ko‘paydi.
Shu bilan birga, soliq tushumlarining o‘sishiga yangi tadbirkorlik sub’ektlarining 2021 yil shu davriga nisbatan 14,4 foizga ko‘payishi ta’sir ko‘rsatdi.
Yil boshidan buyon 82 mingdan ortiq yangi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlari tashkil etildi, ularning eng ko‘pi Samarqand (9 332), Farg‘ona (7 951), Qashqadaryo (7 470), Toshkent (6 325), Xorazm (5 240) viloyatlarida va Toshkent (14 408) shahrida ro‘yxatga olingan.
Tahlil qilinayotgan davrda bojxona to‘lovlari bo‘yicha tushumlar 2021 yilning shu davriga nisbatan 38,6 foizga oshdi. Bojxona tushumlarining eng katta o‘sishi Andijon (60,7 foiz), Jizzax (55,1 foiz), Sirdaryo (46,7 foiz), Farg‘ona (41,0 foiz) viloyatlarida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi (41,3 foiz) va Toshkent shahrida (42,9 foiz) kuzatildi.
Umuman olganda, bojxona to‘lovlaridan tushadigan daromadlarning oshishiga 2022 yil yanvar-noyabr oylarida import hajmining o‘tgan yil shu davriga nisbatan 19,7 foizga o‘sishi ta’sir ko‘rsatdi.
Davlat bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil boshidan 30 noyabrga qadar tovarlar eksporti hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 20,4 foizga oshgan. Eksportning sezilarli o‘sishi Sirdaryo (40,4 foiz), Andijon (38,5 foiz), Navoiy (27,1 foiz), Namangan (25,9 foiz), Samarqand (25,6 foiz) viloyatlarida va Toshkent (40,5 foiz) shahrida kuzatildi.
O‘zbekistonda tovarlar eksportining o‘sishi sanoat mahsulotlari, oziq-ovqat mahsulotlari, kimyoviy moddalar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportining o‘sish sur’atlari oshgani bilan izohlanadi.
Eksportning kamayishi Surxondaryo (-21,0 foiz), Buxoro (-3,4 foiz), Jizzax (-2,9 foiz) viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (-12,0 foiz) kuzatildi.
Tijorat banklari tomonidan berilgan kreditlar hajmi yil boshidan buyon o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,7 foizga oshdi. Kreditlar berish hajmi Farg‘ona (28,9 foiz), Samarqand (23,6 foiz), Toshkent (22,4 foiz), Andijon (10,0 foiz) viloyatlarida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi (20,7 foiz) va Toshkent (12,7%) shahrida sezilarli darajada oshgani qayd etildi.
Tahlil qilinayotgan davrda O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasida amalga oshirilgan bitimlar hajmi 37,8 foizga o‘sdi. Birja faoliyatining sezilarli o‘sishi Xorazm (56,4 foiz), Jizzax (49,3 foiz), Samarqand (46,2 foiz), Navoiy (43,6 foiz) viloyatlarida va Toshkent (46,9 foiz) shahrida kuzatildi.
Ushbu hududlarda tuzilgan bitimlar hajmining o‘sishi mineral o‘g‘itlar, texnik chigit, avtomobil benzini, dizel yoqilg‘isi, qurilish va xo‘jalik materiallari, o‘simlik yog‘i, bug‘doy uni, bug‘doy, shakar, paxta tolasi, qora va rangli metallar, polietilen, polipropilen, etil spirti va boshqa mahsulotlar savdosining ko‘payishi hisobidan erishilgan.
Muhammadjon Rashidov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi mutaxassisi.
O‘zA