English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadqiqotlar amalga joriy etiladi (+video)
17:42 / 2023-10-05

Farg‘ona Politexnika instituti mamlakatning yirik texnik oliy o‘quv yurtlaridan biridir. Bu yerda har yili o‘nlab mavzuda ilmiy ishlanmalar patentlanadi va amaliyotga joriy etiladi. Aynan shuning uchun ham “Muxandislik kommunikatsiyalari qurilishida innovatsion va energiyatejamkor texnologiyalarni qo‘llashning ilmiy asoslari” mavzuidagi xalqaro konferensiya shu yerda o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston va xorijlik sohaning yetuk olimlari, amaliyotchilari ishtirok etishyapti. Umumiy majlis va ixtisoslashgan yo‘nalishlarda energiya tejash bilan bog‘liq barcha tarmoqlardagi ilmiy xulosa, tavsiyalar, yangilik va qo‘llanmalar muhokamaga tashlandi. Masalan, Farg‘ona politexnika instituti olimlari yer osti quvurlarida suv harakati uchun elektr quvvati sarfini kamaytirish borasida o‘z loyihalarini taklif etdilar.

–Suv quvurlaridagi qarshilikni kamaytirish uchun loyiha ishlab chiqdik va u tegishli tartibda patentlandi, – deydi tadqiqotchi olim G‘iyosiddin Mamatisayev. –Maqsadimiz suv oqimini tezlatib iste’molchiga yetkazish va ayni paytda unga sarflanadigan elektr quvvati sarfini kamaytirishdir.

Konferensiya ishida ko‘pchilik uchun kutilmagan, ammo muhim loyihalar haqida ham axborot berildi. Masalan, oqma suv tarkibidagi loyqa cho‘kindilardan foydalanish innovatsion usullari shulardan biri edi.

–Suv manbalari bilan birgalikda uning tarkibida katta miqdorda loyqa ham keladi. Natijada suv omborlari loyqaga to‘lib, undan foydalanish sig‘imi torayyapti. Kanallarni ham loyqa bosyapti. Natijada ularning suv o‘tkazish qobiliyati pasaymoqda. Loyqa nasoslar ishlash samaradorligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Ya’ni suv bilan kelgan loyqa nasos parraklari foydali ish koeffitsiyentini pasaytiryapti, – deydi Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti kafedra mudiri Oybek Orifjonov. –Bu muammoni bir guruh olimlar o‘rganib xulosa chiqardik. O‘lchami katta daryo oqiziqlaridagi loyqa cho‘kindilarini olib qurilish materiallari sifatida foydalanish, shuningdek, ekin maydonlarida o‘g‘it sifatida ishlatish loyihasini tavsiya etdik.

Farg‘ona konferensiyasida O‘zbekistondagi barcha texnika yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlari, tegishli vazirlik amaliyotchilari, Belorussiya, Qozog‘iston, Tojikiston va boshqa davlat olimlarining ham qiziqarli ishlanmalari tanishtirildi.

Ilmiy – amaliy anjumandagi loyiha va ishlanmalar chop etilib samarali deb topilganlari amaliyotga joriy qilinadi.

<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/1n1xblKptQU" title="Tadqiqotlar amalga joriy etiladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Muallif: Muhammadjon Obidov

Tasvirchi: Elyor Olimov